Ozodlik, bu – shunchaki to‘rt devor ortidagi makonni tark etish emas. Bu — yurakdagi og‘ir toshdan xalos bo‘lish, hayotning yanada nurli kunlariga ishonch bilan qadam qo‘yishdir. Afv – imkoniyat va ishonch sanaladi.
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash siyosatining yana bir ifodasi sifatida 2025 yil 6 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida“gi farmon imzolandi. Bu — xato qilgan, lekin yuragida pushaymonlik chirog‘ini yoqib, to‘g‘ri yo‘l sari intilgan insonlar uchun yana bir umid bo‘ldi.
Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandi va Jinoyat kodeksining 76-moddasi asosida ozodlikdan mahrum etilgan Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi Xo‘jaakbar Negmatov ham muddatidan avval shartli ravishda ozod etildi. Uning hayotidagi bugungi kun — bir davrning yakunlanishi va yangi sahifaning ochilishi bo‘ldi.
Uning ozodlikka chiqish jarayonida Zangiota tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamda O‘rta mahallasi yettiligi a’zolari ishtirok etdi. Ular afv etilgan yurtdoshimiz bilan o‘zaro suhbatda eng avvalo, hayotga yangicha nazar, halol mehnat va jamiyatga qayta qo‘shilish masalalariga urg‘u berdi.
Ayni jarayon shunchaki hujjat rasmiylashtirish emas, inson taqdiridagi burilish nuqtasidir. Zero, qo‘llab-quvvatlangan har bir qadam uni ertangi kunga, yorug‘ kelajakka yanada yaqinlashtiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ufRtDsNTWjc" title="Afv farmoni yana bir adashgan insonga umid baxsh etdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hamroz Bayanov, O‘zA