Prezident farmoni – amalda
To‘g‘ri yo‘ldan adashib, xatoga yo‘l qo‘ygan, bugun esa qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan 9 nafar yurtdoshimiz Buxorodagi jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan edi. Prezidentimiz farmoni asosida ular Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 31 yillik bayramini o‘z oilasi bag‘rida nishonlaydigan bo‘ldi.
Bugun yangilangan Konstitutsiya tom ma’noda inson manfaatlarini himoya qiladigan xalqchil hujjatga aylandi. U mamlakat fuqarolarining qadr-qimmati, sha’ni, hurmatini belgilovchi, kishilarning jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashuvchi mayoq vazifasini o‘tamoqda. Konstitutsiya bayramini namanganlik Hojiakbar Ismoilov o‘z oilasi bag‘rida nishonlaydigan bo‘ldi. Bu yil 20 yoshga qadam qo‘yayotgan o‘g‘lon yolg‘iz onaning ishongan tog‘i edi. Ammo birgina xato uni panjara ortiga yetakladi. Bugun qilmishidan pushaymon bo‘layotgan Hojiakbar muddatidan ikki yil avval yana ozod hayotga qaytmoqda.
–Qilgan jinoyatimdan chin dildan pushaymonman, –deydi Hojiakbar Ismoilov. –Kelgusida bunaqa jinoyatlarga qo‘l urmayman. Otam vafot etgan. Ozodlikka chiqqandan keyin onamning xizmatini qilaman. Onamga juda ham ko‘p azob berdim. Shuni tushunib yetdim. Prezidentimizga rahmat, muddatidan 2 yil oldin afv etdilar.
Dilmurod Dadaxonov giyohvand moddalar savdosiga aralashib qoldi-yu boshi devorga tekkach, o‘z xatosini anglab yetdi. Yosh oilada uning ortidan norasidalari chirqirab qoldi. 8 yildan so‘ng oila bag‘riga qaytganda uning o‘g‘illari kattagina yigit bo‘lgan bo‘lardi. Ammo davlat rahbarining farmoni asosida u yurtdagi insonparvarlik siyosatini yurakdan his qildi.
Bugun Surxondaryoning Oltinsoyida erka farzand bo‘lib yurgan Farhod Shoymardonov yaqinlarining quvonchi ichiga sig‘maydi. Turli oqimlar ta’sirida panjara ortiga tushgan yigit ham xatolarini zulmat ortida tushunib yetdi. U tinchlikning, ozodlikning qadri har nedan ustun ekanini anglashi uchun esa oradan qancha suvlar oqib o‘tdi.
–Bayramlarda bizni juda ham xursand qilgan Prezidentimizga rahmat, –deydi Farhodning onasi Rohila Shermatova. –O‘g‘limni kechayu-kunduz o‘ylardim. Qanday ahvolda, qanday sharoitda ekan, degan savollar meni qiynardi. Davlat rahbarining farmoni bilan o‘g‘lim muddatidan ilgari avf etildi. Juda ham xursandman.
Aslida osoyishta kunlarning qadriga yetish uchun xatoga yo‘l qo‘yishga hojat yo‘q. Ammo zulmatni boshidan kechirgan insonning yorug‘ kunlarga e’tiqodi tobora yuksaladi. Bugun tuzalish yo‘liga o‘tgan bu yurtdoshlarimizning borar manzili yanada munavvar bo‘lishiga shubha yo‘q.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri