Ramazon hayiti arafasida davlatimiz rahbari farmoni asosida 16 nafar samarqandlik yurtdoshimiz ham afv etilgandi.
Samarqand viloyat hokimligida jazoni ijro etish muassasalaridan shartli ozod etilgan va bugun oilasi bag‘rida yashayotgan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan 8 nafar afv etilgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov va boshqa mas’ullar to‘g‘ri yo‘ldan adashgan bu yurtdoshlarimizning bugungi hayoti, orzu-niyatlari bilan qiziqdi. Ularning oilaviy sharoiti, salomatligi va boshqa jihatlarga e’tibor qaratildi. Shu asosida mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.
Jumladan, urgutlik Farrux Ergashev jazoni ijro etish muassasasida tikuvchilikni o‘rgangani, zamonaviy tikuv mashinasi olib berilsa, erkaklar ko‘ylak-shimi tikib, shu orqali o‘zini-o‘zi band qilishini aytdi. Unga tuman hokimligi tomonidan tikuv mashinasi olib beriladigan bo‘ldi.
Kattaqo‘rg‘onlik Davron Rabbimov esa tuman markazida yengil konstruksiyali tandirxona qurib berilsa, somsapazlik bilan shug‘ullanishini bildirdi. Uning ijtimoiy ahvoli, bir hovlida ko‘pchilik bo‘lib yashashi inobatga olinib, tuman hokimligi balansida turadigan uy-joylardan birin ajratish masalasi ko‘rib chiqilishi aytildi.
– Xato ish oqibatida umrimning 11 yilini zulmatda, panjara ortida o‘tkazdim, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani Chig‘atoy mahallasida yashovchi Abdumurod Sayfullayev. – Albatta, bu vaqt davomida o‘zimga tegishli xulosalar chiqarib oldim. Prezidentimiz bizni kechirib, afv etganidan minnatdorman.
Endi davlatimiz, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun halol mehnat qilamiz. Buning uchun ham davlatimiz sharoit yaratib bermoqda. Asalarichilik bilan shug‘ullanishni boshladim, nasib etsa, bu faoliyatni kengaytiraman. bugungi suhbatda hokimlik vakillari uy-joyimni ta’mirlashda yordam berishlarini aytishdi, xursand bo‘ldim.
Samarqand tumanidan kelgan Erkinjon Rahimovga motokultivator, Samarqand shahrida yashovchi Obid Ernafasovga esa hunarmandchilik qilishi uchun asbob-uskuna olib beriladigan bo‘ldi.
G‘.HASANOV, O‘zA