Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afv etilganlar ishga joylashmoqda
12:36 / 2022-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbarining shu yil 7 dekabrdagi farmoniga ko‘ra, sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan hamda tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 402 nafar shaxs afv etildi.

Jumladan, Urgut tumanida yashovchi 15 nafar mahkum ana shu bag‘rikenglik va insonparvarlikdan bahramand bo‘ldi. Ulardan bir nafarining jazosi yengiliga almashtirildi, 13 nafari jazodan shartli ravishda, 1 nafari to‘liq ozod qilindi.

Urgut tumani hokimligida afv etilgan shaxslar bilan sektor rahbarlarining uchrashuvi o‘tkazilib, ularning muammolari eshitildi. Hayotda to‘g‘ri yo‘ldan adashib, jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan bu shaxslarning endi oilasi bag‘rida hayot kechirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur yordam ko‘rsatilishi aytildi. Afv etilganlarning salomatligi, oilaviy ahvoliga, qo‘lida biror bir kasb-hunari borligiga e’tibor qaratildi. Shu asosida ularga ish taklif etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha afv etilganlarning barchasi to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va bir martalik yordam puli berildi. To‘rt nafari o‘ziga mos ishga joylashtirildi.  

– 2021 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudining hukmi bilan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edim – deydi I.Suyunov. – Prezidentimizning farmoni bilan afv etilib, muddatidan oldin ozodlikka chiqdim. Albatta, bu imkoniyatning qadriga yetaman endi. Tuman hokimligi va boshqa idoralar, mahalla ijtimoiy hayotga moslashishim uchun yordam bermoqda, ish topib berishdi, bundan minnatdorman.

 G‘.HASANOV, O‘zA