Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuvi qay darajada?
16:11 / 2020-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirlarining axborotlari eshitildi.

Qayd etilganidek, afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan 512 nafar fuqaro afv etilgan. Ularning 316 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, 196 nafarining jazo muddati qisqartirilgan. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan 6 nafar chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborilgan.

Bundan tashqari, ozod etilgan 310 nafar fuqaroning muammolari o‘rganilib, ularning oila a’zolari bilan individual tarzda suhbatlar o‘tkazilgan. Natijada ularning 865 ta muammosi mavjudligi aniqlanib, ularning 288 nafari ishga joylashishi, 5 nafariga bola parvarishlash ta’tili berilishi, 13 nafar fuqaroga yoshga doir nafaqa, 4 nafariga nogironlik nafaqasi tayinlanishi ta’minlangan.

Shu bilan birga, o‘rganish davomida hududlarda afv etilgan shaxslarning bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tganliklari ma’lum bo‘lgani, ularning yangi ko‘chib o‘tgan joydagi huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli davlat idoralari tomonidan hech qanday nazorat o‘rnatilmaganligi qayd etildi.

Bu holatlar jazo muddatini o‘tab qaytgan shaxslarga amaldagi tartib-qoidalar asosida ijtimoiy-maishiy sharoit yaratish sohasida tegishli tashkilotlar tomonidan yetarli darajada ishlar olib borilmagandan dalolat berishi ta’kidlandi.  

Shuningdek, majlisda afv etilganlarning murojaatlari to‘liq o‘z yechimi topmaganligiga urg‘u berildi. Jumladan, afv etilganlarning yashash xonadoni ta’mirlanishi, sog‘lig‘ini tiklash va moddiy yordam ko‘rsatilishi kabi muammolar tibbiyot birlashmalari, tuman hokimliklari tomonidan bartaraf etilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA