Jumadan jumagacha
Turkiyada 6 fevral kuni yuz bergan kuchli zilziladan keyin jahon jamoatchiligi hodisaning ehtimoliy sababi to‘g‘risida turfa talqin-taxminlar qila boshladi. Tabiiy ofat qurboniga aylangan mamlakatdagi qator ommaviy axborot vositalari Amerika maxfiy qurol ishlatganini ham tusmolladi.
Matbuot yer silkinishidan bir muddat avval Istanbul portiga AQSHning “Nitze” esminetsi kelganiga e’tibor qaratdi. Ayni shunday kema 1999 yildagi Izmit zilzilasi (o‘shanda 17 ming kishi vafot etgan)dan biroz oldin Turkiya qirg‘oqlarida ko‘ringan edi...
Esminets va Yerning chuqur tubidagi tektonik jarayon o‘rtasidagi bog‘liqlik atrofida bahs-munozara avj oldi. Chorak asrdan beri Pentagon nazoratida Alyaskada olib borilayotgan “HAARP” ilmiy-tadqiqot loyihasi eslandi. O‘sha joyda turli antennalar, uzatuvchi va boshqa uskunalar majmuasi borligi, asboblar yordamida ionosfera va qutb porlashi o‘rganilishi gapirildi.
Mutaxassislar markaz sayyoramiz miqyosidagi ob-havoni tadqiq qilishi, shuningdek, yer silkinishi, qurg‘oqchilik, to‘fon va suv toshqinini boshqarish qudratiga ega ekani aytildi. Darvoqe, Texasdagi qurg‘oqchilik, Luizianadagi to‘fon, AQSHdagi tornadolar shu ob’ekt bilan bog‘lanadi.
Fitna nazariyasiga ko‘ra, Turkiya suviga joylashgan “Nitze” kemasida “HAARP” sinovidan o‘tgan, Yerga yuqori chastotali elektromagnit impulsi yuboradigan generator o‘rnatilgan. Aynan shu uskuna tektonik harakatni paydo qilgan va natijada zilzila sodir bo‘lgan, deyildi.
Xorijiy ekspertlar bu gapni isbot qilib bo‘lmaydi, deyishadi-yu, yana, ishonmaslikning ham iloji yo‘q, deb asta qo‘shib qo‘yishadi.
Tahlilchilar mulohazasida amerikaliklar yadro bombasini chuqur quduqqa joylashtirib, portlatib yuborgani xususida ham gap bor. “O‘zboshimcha tashqi siyosat yuritayotgani, G‘arb izmida yurmagani uchun Turkiya jazolangan”mish.
Ilm-fan rivojlangan zamonda odamzod o‘n kilometr chuqurdagi jarayonni boshqarishi mumkinmi, degan o‘rinli savol o‘rtaga tashlandi. Bu, albatta, mulohaza uchun bir mavzu. Aql bovar qilmas, deyiladiki, Turkiyadagi zilzilalardan birining markazi ayni shunday chuqurlikda.
Xorijlik ekspertlar 1997 yil inson Yerning o‘n ikki kilometr tubiga yetib borganini eslatishdi. Rossiya Zapolyaresi yaqinidagi Kolskda yaratilgan o‘ta chuqur yer osti ombori Ginness rekordlar kitobiga kiritilgan. To‘g‘ri, mazkur omborni bunyod etishga qisqa-uzun tanaffuslar bilan 21 yil sarflangan.
Turkiya masalasiga qaytilsa, yer osti ombori yaratish alomati, buning ustiga, tag‘in chet elliklar tomonidan, sezilmagan, deydi turk ekspertlari. Amerikada 8-9 kilometr chuqurlikda omborlar bor, ammo AQSH Yer sharining butkul boshqa tarafida...
Tahlilchilarning boshqa taxminiga e’tibor qarataylik: yer ostiga elektromagnit impulsi yuborilgan. Taxminga javobni ham o‘zlari berishadi: ispulsdan foydalanish chorasini topish mumkin, ammo bundan kutilgan samara kelib chiqmasligi aniq.
Faraz uchun tektonik yoki geofizik qurolni qo‘llash to‘g‘risida gap ketganda, olimlar so‘nggi tomchi samarasi misolini keltirishadi. To‘lib-toshaman, deb turgan idishga bir tomchi suv tushishi bilan... ortiqcha hajm idish chetidan toshadi.
Yer ostida ham seysmik kuchlanish pishib turgan holatda, ehtimol, qandaydir ta’sir zilzilaga olib kelgan bo‘lishi mumkin...
Afsuski, ilm-fan hali Yer ostining har bir nuqtasidagi kuchlanishni aniqlab beradigan qudratli vositani yaratolmagan.
Istanbuldagi kema yordamida impuls yuborib, zilzila keltirib chiqarish nazariy jihatdan mumkindir, ammo bu “vazifa”ni texnologik jihatdan amaliyotda bajarish ilojsizdek. Zero, impulsni aniq qayerga yuborishni ham bilish kerak.
Kun o‘tib, bir kuni afsona-fantaziya haqiqatga aylansa, ajab emas...
Saudiya va Eron yarashuvi...
To‘rt kunlik og‘ir muzokara, tortishuv-bahsdan keyin, o‘tgan hafta oxirida Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy va Saudiya Arabistoni Milliy xavfsizlik masalasi bo‘yicha maslahatchi, davlat vaziri, kontr-admiral Musaid bin Muhammad al-Ayban diplomatik munosabatni tiklash bitimini imzoladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri vositachi bo‘lgan Xitoy Kompartiyasi tashqi ishlar komissiyasi rahbari I Vanning imzosi bor, hujjatda. Tashabbuskorlar ro‘yxatida Iroq va O‘mon ham bor.
Xotirlasak, 2016 yil 3 yanvarda Ar-Riyod Tehron bilan diplomatik aloqa uzilishini e’lon qilgan. Erondagi elchixona yonida Saudiya shia ruhoniysi Nimr an-Nimriy qatl etilishi jiddiy namoyishlarga sabab bo‘ldi, deyilgandi o‘shanda rasmiy xabarda.
Aslida-chi? Tehron va Ar-Riyod 2014 yil Yamanda boshlangan fuqarolik urushida faollik ko‘rsatishdi, Eron isyonchilarni – mamlakat shimolidagi xusitlarni, Saudiya esa janubda Prezident Abda Rabbo Mansur Xodiyni qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada ikki davlat o‘rtasida keskinlik kuchayadi.
2021 yil bahorida Saudiya Arabistoni Podshohligi va Eron Islom Respublikasi diplomatik munosabatni tiklash taraddudiga tushadilar. O‘shanda oraga Iroq tushgani to‘g‘risida ilk ijobiy xabar chiqadi. Bu davlatning AQSH va G‘arbdagi sheriklari hamda qo‘shnilari Eron, Qatar singari davlatlar bilan munosabati bir tekis ekani, asosiysi markaziy kuchlar o‘rtasida muvozanatni ushlashga harakat qila olishi qo‘l kelgandi.
O‘sha yil kuzga borib, ayni mavzu BMT Xavfsizlik kengashi doirasida ko‘tariladi va Tehron – Ar-Riyod orasida “buzg‘unchilik qilayotgan” okean orti bosh davlatini mintaqadan chiqib ketishi talab qilinadi.
Xalqaro tashkilot uchun ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatni tiklash qayg‘usidan ko‘ra, Yamandagi qurolli to‘qnashuvga barham berish muhim edi.
Ikki davlat o‘rtasida vositachilik qilishga Rossiya ham da’vogarlik qiladi. O‘tgan yilgi ziddiyat asnosida ruslarning gapini kim ham eshitardi?..
AQSH va ayrim ittifoqdoshlar yangi geosiyosiy maydonda ikki mamlakatning ochiq urushidan foyda kelmasligini anglab yetishdi. Munosabat tiklanishi vaqt izmiga qoldi...
Aksariyat tahlilchilar yarashuv xabari Yaqin Sharq mamlakatlaridan chiqadi, deya kutishgan edi. Zero, Eron va Saudiya nafaqat mintaqadagi voqealar rivojiga, qolaversa, dunyo siyosati o‘zgarishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsata oladigan kuchga ega.
Oxir-oqibat Tehron – Ar-Riyod ishi Pekinda bitdi. “IRNA” agentligi ta’kidlashicha, “bu savob ishda Si Szinpinning bevosita hissasi bor”.
Bu omil mintaqa geosiyosatida tamomila yangi kuch o‘rtaga chiqqanini anglatadi. O‘tgan yil dekabr oyida Ar-Riyodda 14 arab davlati rahbari Xitoy yetakchisini samimiy qarshilaydi. Shu tarifa ularning ishonchi qozoniladi.
Iqtisodiy manfaatdan tashqari, Podshohlik XXR bilan yaqinlashuvining boshqa muhim tomoni ham bor. Ar-Riyod islom olami yetakchilaridan, o‘z manfaatini dadil himoya qila oladi. Endi dunyo katta siyosatiga Pekin orqali chiqishni mo‘ljallayotgandir, deya taxmin qilishyapti ekspertlar.
Eron ham “o‘z o‘yinini o‘ynamoqda”. “The Guardian” nashri AQSH va Eron “yadro savdosi” ishiga Pekinni ham tortishi ehtimolini borligini aytadi.
Tahlilchilar Tehron, Ar-Riyod va Pekin diplomatik amaliyotda novatorlik amalidan foydalanib, mintaqa va global maydonda yangi umumiy manfaat namoyish etishga qodirligini ko‘rsatdi, deb hisoblashadi.
Saudiya va Eron Yaqin Sharqda markaziy kuch o‘rnini egallab, okean orti mamlakatining mintaqa ishlariga aralashishiga “chap berish”ni mo‘ljallayotgan bo‘lishi mumkin...
Yangi “sovuq urush” boshlanyapti(mi?)!
AQSH Mudofaa vazirligi Qora dengizda mamlakatning razvedkachi va zarba beruvchi uchuvchisiz “MQ-9 Reaper” uchog‘i yo‘qolgani haqida bong urdi. Amerika taxminiga ko‘ra, Rossiyaning Su-27 qiruvchi samolyoti havoda faol manyovr qilib, dronni yo‘nalishidan chalg‘itgan. Natijada masofadan boshqariladigan qurilma suvga g‘arq bo‘lgan. Pentagon ma’lumotida rus uchoqlari “MQ-9” yo‘lini to‘sib, yoqilg‘isini dronga qaratib to‘kkan, oqibatda boshqaruv izdan chiqqan.
Qo‘shma Shtatlar Qurolli kuchlari Yevropa qo‘mondonligi tasdiqlashicha, ikki rus “Su-27” uchog‘i Amerika droni pirpiragiga zarar yetkazgach, o‘zi uchar moslama qulagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi taxminicha, Amerikaning “MQ-9” droni Qrim yarim orolidan uchib o‘tib, qirg‘oqqa yaqinlashgach, xavfli harakat qila boshlagan. Keskin manyovr oqibatida muvozanatni yo‘qotib, suvga tushib qolgan. Rus uchog‘i qurol ishlatmagan, amerikalik uchoq bilan to‘qnashmagan va omon-eson o‘z aerodromiga qaytib kelgan.
Amerikaning uchuvchisiz uchoqlari sakkiz yildan beri Qrim sarhadi atrofida uchraydi. Havo transporti tig‘izligi monitoringi bilan shug‘ullanuvchi “Flightradar” tasdiqlashicha, okean orti razvedka samolyotlari radiolakatsiya va elektron razvedka uchoqlari hamrohligida harakatlanadi.
Odatda turli razvedka smolyotlari AQSH Qurolli kuchlarining Krit va Sitsiliyadagi, ba’zan NATOga qarashli bazalardan uchiriladi. Dengizga sho‘ng‘igan “MQ-9” rejalangan razvedka missiyasi bilan seshanba sahar Ruminiyadagi aviatsiya bazasidan havoga ko‘tarilgan. Odatda quvvati 24 soatlik parvozga yetadigan qurilma 9-10 soat havoda bo‘lar edi. Bu ma’lumotni “The New York Times” Pentagondagi yuqori martabali manbaga asoslanib keltiradi.
Manbaning aytishicha, muntazam ravishda tegishli amaliyotlarni bajarib keladigan uchoqda qurol bo‘lmagan, taxminan 7 ming 600 metr balandlikda razvedka topshirig‘ini bajargan. Umuman, bunday dron 13 ming metr yuksaklikka chiqa oladi.
Pentagon rasmiy vakili Patrik Rayder qurilma Qora dengizda qanday topshiriq bilan harakatlanganini ochiqlamagan.
Rus ekspertlari amerikalik dronlar razvedka ma’lumoti to‘plab, Ukrainaga yordam berib kelgan, bu fitna ham bo‘lishi mumkin, ig‘vo yo‘li bilan yangi janjalga yo‘l ochish niyat qilingan, deyishadi.
“Reaper”ning uzunligi 11 metr, qanoti kengligi 20 metrga yetishi haqida ma’lumot berishadi xorijiy tahlilchilar. 2000-yillar boshidan buyon foydalaniladigan bu moslama turklarning “Bayraktar”i kabi razvedkaga va jangovar harakatga moslashgan. “AGM-114 Hellfire” raketasi kabi “shartli terrorist”ni aniq nishonga olishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, havo hujumiga qarshi mudofaa tizimidan samarali foydalanmaydigan dushmanlarga qarshi ishlatiladi. Liviya va Yaman urushlarida keng foydalanilgan.
Turli guruhlarning yetakchisi, jumladan, eronlik general Qosim Sulaymoniy ham aynan “MQ-9 Reaper” yordamida o‘ldirilgan.
Buguncha shu...
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi