Qozog‘istonning Olma-ota shahrida shaxmat bo‘yicha poyoniga yetgan “Qozog‘iston Respublikasi kubogi-2025” musobaqasida hamyurtimiz Afruza Hamdamova munosib natija qayd etdi.
8 ta mamlakatdan 24 nafar shaxmatchi ishtirok etgan kubok bahslarining ayollar guruhida dona surgan Afruza Hamdamova 7,5 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinni egalladi.
Mukofot jamg‘armasi 49 ming 500 tengedan iborat turnirda shaxmatchilar 11 ta tur o‘yinlarida kuch sinashdi.

Mahoratli shaxmatchi qizimiz A.Hamdamova o‘tkazilgan o‘yinlarning 4 tasida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 7 tasida durang natija qayd etdi.
Musobaqada Afruza singari 7,5 ochko jamg‘argan armanistonlik Maryam Mkrtchyan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 1-o‘rinni, FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashgan Alina Bivol 2-o‘rinni band etdi.

Musobaqaning erkaklar guruhida g‘oliblikni 7,5 ochko tuplagan armanistonlik Aram Xakobayan qo‘lga kiritdi. 2-o‘rindan 7 ochkoga ega Dmitriy Bocharov(Rossiya), 3-o‘rindan 6,5 ochko jamg‘argan hindistonlik Mital Aditia joy oldi.
G‘olib va sovrindorlar tegishli tartibda medal, sertifikat va pul mablag‘lari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA