Motivatsiya!
Vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, xalq manfaatlari uchun sadoqat bilan xizmat qilayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlarga beriladigan "Kelajak bunyodkori" medali qisqa fursat ichida ko‘plab yoshlarimizning ko‘ksini bezadi. Yana qanchadan-qancha kelajagimiz bunyodkorlari bunday yuksak medal va davlat mukofotlariga munosib.
Mamlakatimiz yoshlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash siyosati doirasida bugun yuzlab yigit-qizlar davlatimizning, yurt rahbarining e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘layotir. Ular orasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zbekiston» lokomotiv deposi «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti Sardorbek Muxtorov ham bor.

Sardorbek 1995 yilda Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida temiryo‘lchilar oilasida tavallud topgan. Ayni paytda esa Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashaydi. Ushbu sohaga mehr, qiziqish va intilish uning bolalik davridan boshlangan.
— Ota-onam temir yo‘l sohasida ishlagani tufayli shu kasbning ichida o‘sganman, — deydi Sardorbek. — Shuning uchun ham esimni taniganimdan boshlab ushbu sohaga o‘zgacha mehr bilan ulg‘aydim. 2014 yilda Toshkent temir yo‘l kollejini tamomlab, "O‘zbekiston" lokomotiv deposiga lokomotivlarni ta’mirlash chilangari lavozimiga ishga kirdim. 2016 yildan esa elektrovoz mashinist yordamchisi sifatida ishni davom ettirdim. Ikki yil davomida bu yo‘nalishda tajriba orttirib, 2018 yildan elektrovoz mashinisti bo‘ldim. Ish faoliyatim davomida ustozlarimizdan, tajribali mashinistlardan bu sohaning sir-asrorini, past-balandini o‘rgandim, malakamni oshirdim. Bolalikdan orzu qilgan, havas bilan qaragan kasbimda maroq bilan ishlayman. 2024 yildan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdida mashinist sifatida faoliyatimni davom ettirdim.
Albatta, har bir kasbning o‘ziga yarasha afzalliklari va qiyinchiliklari bor. Bizning ishimizda ham shunday — ko‘pincha oiladan, ota-ona va farzandlarimizdan uzoqda bo‘lamiz, ularga ko‘p vaqt ajarata olmaymiz, ish vaqtimiz yarim tunda boshlanadi va ishga kech qolishga yoki bormaslikka haqqimiz yo‘q. Afzallik tomonlari esa bir oy davomida reys kunlarimiz aniq belgilab beriladi, sog‘ligimiz nazorat ostida bo‘ladi. Har safar turli viloyatlarimizda yangi insonlar davrasida bo‘lish imkoniga ega bo‘lamiz, — deydi qahramonimiz.
Sardorbek Muxtorov o‘z kasbidagi faolligi, mehnatsevarligi, shijoatli va mas’uliyatliligi bilan jamoa e’tiborini qozongan. U shu yil Yoshlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandi.
Sardorbek bu mukofot unga katta motivatsiya bo‘lganini, o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga, yuksak marralarni egallashga undaganini ta’kidladi. U kelgusida o‘z sohasining yetuk xodimi bo‘lish niyatida. Shu maqsadda oliy ta’lim dargohida o‘qishni, yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalangan holda o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashni maqsad qilgan.
Muhtarama Komilova,
O‘zA