Motivatsiya!
Bolalik xotiralarimdan eslayman: uzundan-uzun poyezdlarning harakati, taqa-tuq ovozi, yurakni qandaydir vahimaga soladigan haybati, temir relslar ustida bir tekis yurishi, teplovozda o‘tirgan mashinist – barchasi hayratlanarli edi. Poyezd mashinistlarining olis-olis manzillarga bu uzun tarkiblarni sog‘-omon yetkazishda charchab yoki uxlab qolmasligidan, temir yo‘llar ustida qanday boshqarishidan hayratga tushardim...

Ulg‘ayganda bu ertaknamo transport vositasini boshqaradigan o‘z ustalari borligini anglagan bo‘lsam-da, hamon poyezd mashinistlariga hayratu havas bilan qarayman. Ular orasida ayol-qizlarning borligi esa yanada qiziqarli.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zbekiston» lokomotiv deposi «Afrosiyob» yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti yordamchisi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi Dinora G‘ofurova kamsonli mashinist ayollardan biri. 1997 yil Yangiyo‘l shahrida tug‘ilgan Dinora bolaligidan muhandislikka qiziqib o‘sdi. Bu qiziqish va intilish uni ushbu soha sari yetakladi.
Dinora bilan suhbatimiz davomida u mashinistlikning mashaqqat va mehnatlari, oila a’zolarining kasbiga munosabati haqida to‘xtalib o‘tdi.

– 2016 yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «Afrosiyob» tezyurar elektropoyezdi vagon kuzatuvchisi lavozimiga ishga kirganman, – deydi Dinora. – Mamlakatimizda gender tenglikka e’tibor qaratilgani, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar natijasida 2019 yilda O‘zbekistonda ilk bor ayol mashinistlar loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha tanlovida juda ko‘p qizlar qatnashdi. Ammo imtihonlardan va tibbiy ko‘rikdan ko‘pchilik qizlar o‘tolmadi. Yuzlab qizlar orasidan bor-yo‘g‘i 5 ta qiz o‘qishga qabul qilindi. Ular orasida men ham bor edim.
Bir yil mobaynida ham nazariy, ham amaliy darslar asosida bilim va ko‘nikmalarimizni oshirdik. Imtihonlardan yaxshi baho olib, 2020 yilda o‘z ish faoliyatimni «Afrosiyob» tezyurar elektropoyezdida birinchi ayol mashinist yordamchisi lavozimida davom ettira boshladim. Hozirda Toshkentdan Samarkand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz shaharlariga qatnaydigan «Afrosiyob» tezyurar elektropoyezdlarida xizmat olib boryapman.
Sohadagi bilim va tajribalarimni yanada kuchaytirish maqsadida 2023 yil Toshkent davlat transport universitetining Lokomotivlardan foydalanish yo‘nalishiga sirtqi bo‘limga o‘qishga kirdim. Ish faoliyatim davomida juda ko‘plab mashinistlar malakasi va bilimi bilan menga ustozlik qildi: Markin Maksim, To‘raqulov Rustam, Qayumov Rustam, Nosirov Tagir, Kurakov Ulug‘bek, Davidov Sergey, Yo‘ldoshev Akmal – bu kabi ustozlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
– Mashinist deganda asosan erkak kishi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Ayol kishiga bu kasb mashaqqatli emasmi?
– Men o‘z kasbimni juda yaxshi ko‘raman va faxrlanaman. Albatta, sohaga kirib kelishim va o‘z o‘rnimni topishim oson kechmagan. Juda ko‘p insonlar ayol kishi mashinistmi, deb hayrat bilan qaraydi. Ba’zida esa “ayol kishiga mashinistlikda nima bor” deb tanqid ham qilishadi.
Lekin ko‘p joyda ta’kidlab aytamanki, dunyo miqyosida ayollar kosmosga uchayotgan bir paytda o‘zbek qizlariga poyezd haydash qiyinmi!? Biz o‘zbek ayol-qizlarining qo‘lidan kelmaydigan ishning o‘zi yo‘q. Juda ko‘p sohalarda o‘zbek ayollari rahbar lavozimlarida ishlaydi, yuksak ilm sohibalaridir.
Uyiga kelganida esa uy ishlari, farzand tarbiyasi bilan band, turmush o‘rtog‘i, qaynona-qaynota xizmatlarini qilishadi. Aynan shunday paytlarda biz o‘zbek ayollarning yelkasidan go‘yo 20 ta qo‘l chiqqan kabi harakat qilamiz. Demoqchimanki, har bir kasbning o‘z mashaqqati, qiyinchiligi bor, albatta. Lekin bu mashaqqatlarni mehnat bilan yengish, barcha ishni uddalash insonning o‘z qo‘lida.
– Kasbingizga oilangiz, turmush o‘rtog‘ingiz qanday munosabatda bo‘ladi?
– Taqdir taqozosi bilan temir yo‘lchilar oilasiga kelin bo‘ldim. Xo‘jayinim, qaynona-qaynotam shu sohada ishlashadi. Albatta, bu mening katta bir yutug‘im. Chunki oila a’zolarim, turmush o‘rtog‘im kasbimni tushunishadi, meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydilar. Ota-onam ham har doim qo‘llab kelishgan. Shuning uchun bu sohada ishlash qiyinchilik tug‘dirmagan.
– Yoshlarga, tengdoshlaringizga hayotda o‘z o‘rnini topishlarida qanday maslahatlar berasiz?
– Hayotda hech qachon hech nima uchun kech emas. Inson o‘ziga har doim ishonishi, toyilishdan, yiqilishdan qo‘rqmasligi lozim.
Dunyoda eng o‘tkir qilichlar avval qizdiriladi, bolg‘a bilan uriladi, qizdirilgan holda sovuq suvga solinadi. Juda ko‘p ishlovlardan keyin esa tengi yo‘q qilich paydo bo‘ladi. Ya’ni, inson mehnatda toblanib, natijaga erishadi.
Har doim eng yaxshisini orzu qilish kerak. Chunki Yaratgan nasib qilmaydigan narsaning xayolini ham bermas ekan. Agar biror bir ish qilmoqchi bo‘lsangizu, atrofdagilar sizga ishonmasa, bu siz uchun katta motivatsiya bo‘lsin.
Men ham mashinist bo‘laman deganimda bir inson ustimdan kulib, “qo‘lingdan keladigan ishni qilsangchi” degani haligacha yodimda. Shundan so‘ng ichimda shunaqa motivatsiya paydo bo‘lganki, o‘sha insonga hali shu gapini eslataman, deb o‘z ustimda juda ko‘p ishladim.
Harakatlarim, qilgan mehnatlarim, to‘kkan ko‘z yoshlarim o‘z mevasini berdi. 2024 yilda Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimizning shaxsan o‘zlari meni “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirladilar. Davlatimiz rahbari taqdirlash marosimida meni tabriklab, medalni topshirar ekan, “Men sizlar bilan g‘ururlanaman”, dedilar. Ayni shu lahzada boshimdan o‘tkazgan hamma qiyinchiliklarim unut bo‘ldi, qalbimda oldinga qarab yanada intilish ishtiyoqi jo‘sh urdi.
Shuni bilamanki, har bir yigit-qiz o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, yuqori marralar sari intilsa, davlatimiz ularni hamisha qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Muhtarama Komilova suhbatlashdi, O‘zA