Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afrosiyob xitoylik olimlar bilan hamkorlikda o‘rganiladi
20:42 / 2026-01-30

Samarqandda O‘zbekiston va Xitoy sivilizatsiyalari o‘rtasidagi muloqot va almashuvlarga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston madaniy meros agentligi va Xitoy tarix akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda ikki mamlakat arxeolog olimlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va ularning natijalari muhokama qilindi.

Simpozium yalpi majlisida so‘zga chiqqan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Xitoy ijtimoiy fanlar va Xitoy tarix akademiyalari prezidenti Gao Xiang, O‘zbekiston madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy gumanitar aloqalar mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakat olimlari hamkorligida o‘tkazilayotgan arxeologik tadqiqotlarda ko‘plab yangiliklar aniqlanganini ta’kidladilar.  

[gallery-27391]

– Buyuk Ipak yo‘li tufayli Xitoy bilan nafaqat savdo-iqtisodiy aloqalar, balki ilm-fan, madaniyat sohalarida ham hamkorlik rivojlanganini yaxshi bilamiz, – dedi viloyat hokimi A.Boboyev. – Hozir bu munosabatlar “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida yangi bosqichga chiqdi. Biz ilmiy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish uchun tarix va arxeologiya sohasida qo‘shma ekspeditsiyalar tashkil etishni taklif qilamiz. Xususan, qadimiy Afrosiyob shahri madaniy qatlamlarini o‘rganishda xitoylik olimlar bilan hamkorlik qilinsa, ayni muddao bo‘ladi. Chunki, bu yerdan ilk o‘rta asrlarda o‘sha paytda Xitoyda hukmron bo‘lgan Tan sulolasi davridagi buyumlar ham topilgan. Ular birgalikda o‘rganilsa, ikki davlat tarixi uchun muhim yangiliklar aniqlanishi mumkin.

Shuningdek, A.Boboyev joriy yil noyabr oyida Xitoyning Loyan shahrida Samarqand muzeylari haftaligini, Samarqandda esa Xitoy muzeylari haftaligini o‘tkazishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida esa Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalar uchun amaliyotni Xitoydagi oliy o‘quv yurtlari va arxeologiya ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish taklifi bildirildi.

Xitoy ijtimoiy fanlar va Xitoy tarix akademiyalari prezidenti Gao Xiang 2012 yildan buyon O‘zbekiston-Xitoy ko‘shma arxeologik ekspeditsiyalari muvaffaqiyatli ish olib borayotganini qayd etdi. Jumladan, Mingtepa yodgorligidagi ilk ekspeditsiya hozirda Balandtepa hamda Munchoqtepa yodgorliklarida davom etayotganini ta’kidladi. Afrosiyob tepaliklarida birgalikda arxeologik izlanishlar olib borish taklifini qo‘llab-quvvatladi.  

Anjuman yakunida Samarqand arxeologiya instituti va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi arxeologiya instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari