Samarqand Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri. Uning bir necha ming yillik tarixi, madaniyati haqidagi qimmatli ma’lumotlar shaharning qadimiy o‘rni – Afrosiyob tepaliklarida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari davomida aniqlangan va bu yerdan minglab tarixiy ashyolar topilgan.
Shu asosida 1970 yil 24 oktyabrda Samarqand shahrida “Afrosiyob” muzeyi faoliyat boshlagan. Muzey fondida, asosan, Afrosiyob arxeologik shaharchasidan topilgan 4000 dan ortiq eksponat mavjud va ayni paytda 2500 ga yaqin eksponat muzey ekspozitsiya zallaridan o‘rin olgan. Ular Samarqandning eramizdan avvalgi IX-VIII asrlardan boshlab eramizning X-XIII asrlargacha bo‘lgan tarixini o‘zida aks ettirgan.
– Tashkil etilganiga bu yil 55 yil to‘layotgan muzeyda dastlab Afrosiyob tepaligida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari bilan bog‘liq ma’lumotlar va suratlar, videolavhani ko‘rishingiz mumkin, – deydi Samarqand shahar tarixi “Afrosiyob” muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – So‘ngra Afrosiyob shaharchasidagi 11 ta madaniy qatlam va ularning o‘ziga xos belgilari haqidagi ma’lumot bilan tanishasiz. Ekspozitsiyalar shahar tarixi, hududda yashagan xalqlarning madaniyati, ijtimoiy-siyosiy hayoti, turmush tarzi va diniy e’tiqodlari to‘g‘risida ma’lumot beradi. Ahamoniylar imperiyasi, ellinizm davriga tegishli ma’lumotlar, Yunon-Baqtriya davlati va uning tangalari, sopol idishlar va turli davrlarga tegishli g‘ishtlar, yana ko‘plab boshqa eksponatlar ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Umuman, muzeyimizdagi osori-atiqalar, ma’lumotlar Samarqandning uch ming yillik tarixini yoritib beradi. Muzey zallari, ekspozitsiyalarda buni batafsil yoritish va ochib berishga harakat qilganmiz. Har bir zal, ekspozitsiya ma’lum bir davrni yoritadi va unga tegishli ashyolar, ma’lumotlarni jamlaganmiz. Shu tarzda muzey zallari bo‘ylab yurib, Samarqandning o‘tmishi bilan yaqindan tanishasiz.
[gallery-25682]
Muzeylar tarixni, xalqlarning o‘tmish madaniyati va turmush tarzini o‘zida aks ettirsa-da vaqt o‘tishi bilan ekspozitsiyalarni davr talabi va tomoshabinlar qiziqishlariga mos tarzda qayta yaratish, e’tibor tortadigan holda namoyish etish zarur. Biz ham ana shu mezonlarni hisobga olgan holda bu borada Koreya madaniy meros agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, muzey moddiy-texnika bazasini mustahkamladik, ekspozitsiya zallarini zamonaviy ko‘rinishga keltirdik. Ikki yil oldin bu jarayonni amalga oshirib, birinchi qavatdagi zallarni yangicha ko‘rinishga keltirgandik. Lekin bugun ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yana davom ettirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va multimedia vositalaridan keng foydalanishga ehtiyoj sezyapmiz. Bu borada xalqaro tashkilotlar va xorijlik hamkorlarimiz bilan loyihalarni ishlab chiqyapmiz.
Afrosiyob devoriy suratlari muzeyning markaziy va eng noyob ekspozitsiyasi hisoblanadi. 1965 yilda Afrosiyob arxeologik shaharchasidagi qazishma ishlari davomida topilgan, VII asrga oid mazkur ashyo, ta’bir joiz bo‘lsa, noyob san’at asari ekanligi bilan ahamiyatlidir.
– Shu paytgacha Markaziy Osiyodagi biror bir arxeologik yodgorlikda bitta joydan bunchalik katta hajmdagi va juda yaxshi saqlanib qolgan devoriy suratlar topilgan emas, – dedi Samariddin Mustafoqulov. – To‘g‘ri, Varaxshada, Bolaliktepa, G‘alchayon yodgorliklarida va qo‘shni Tojikistonning Panjikent hududidan devoriy suratlar chiqqan, lekin ular bunchalik mukammal va yaxlit kompozitsiya ko‘rinishida uchramaydi. Sug‘d hukmdori Varxumanning 11x11 metr hajmdagi saroyida ishlangan rangli bu devoriy suratlar esa ilk o‘rta asr san’atining nodir namunasi hisoblanadi. Bu suratlar qadimgi Sug‘d madaniyati va tarixi haqida juda ko‘p ma’lumot beradi.
Suratlarda hukmdor Varxumanning elchilarni qabul qilish marosimi, to‘y yoki diniy marosimdagi tantanali yurish, quruqlik va suvdagi ov jarayoni, Sug‘dning Xitoy bilan aloqalari aks etgan. Masalan, elchilar qabuli marosimi tasvirlangan suratda 16 qator sug‘d yozuvi saqlanib qolgan. Sug‘dshunos olimlar tomonidan bu yozuvlar o‘qilganda unda ushbu marosim va elchilarning maqsadi bayon etilgan. Jumladan, “Unash naslidan bo‘lmish Varxuman elchiga yuzlanganda u og‘iz ochib “Men Chag‘aniyon hukmdori elchisi Pukartzoda bo‘laman. Men uning tarafidan Samarqandga keldim va hozir Samarqand hukmdori huzuridaman. Samarqand hukmdori men haqimda shubhalanmasin. Chunki men Samarqand ma’budlarini yaxshi bilaman, Samarqand yozuvidan xabardorman. Hukmdorga samimiyat va hurmat izhor etaman. Varxuman baxtiyor bo‘lsin!” degan yozuv bitilgan.
Elchilar ikki tomonda tasvirlangan. Bu ularning G‘arb va Sharqdan kelganini bildirgan. Sharqdan kelgan elchilar qatorida qadimiy Ko‘guryo (Koreya qirolligi) va Chin o‘lkasi (Xitoy) elchilarini ko‘rish mumkin. Samariddin Mustafoqulovning aytishicha, aynan ana shu tasvirlar uchun Koreya va Xitoy davlatlari vakillari ushbu devoriy suratlarni o‘rganish, saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazishda “Afrosiyob” muzeyi xodimlari bilan hamkorlik qilmoqda. Hatto koreyaliklar keyingi yillarda maktab darsligiga ushbu devoriy suratlar haqida ma’lumotlar kiritgan.
Devoriy suratlar haqida keng va batafsil ma’lumot berish maqsadida Koreya madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda 2013 yilda zamonaviy multimedia imkoniyatlari asosida o‘ndan ortiq tilda videolavha tayyorladik. Hozir muzeyga keladigan xorijlik va mahalliy sayyohlarning deyari barchasi ushbu lavhani tomosha qilish va ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishga harakat qiladi.
– Keyingi yillarda Samarqandga tashrif buyurgan davlat rahbarlarining ko‘pchiligi shahar bo‘ylab sayohat dasturlari doirasida “Afrosiyob” muzeyida ham bo‘lib, xalqimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishmoqda, – deydi S.Mustafoqulov. – Albatta, ular ham devoriy suratlarni hayrat bilan tomosha qilganiga guvohmiz. Davlatimiz rahbarining Fransiya va Buyuk Britaniyaga tashriflari chog‘ida Afrosiyob devoriy suratlarining bir qismini dunyoga mashhur “Luvr” va “Britaniya” muzeylarida namoyish etdik. Bu ekspozitsiyani davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar vakillari, aholi kelib tomosha qildi. Shu ko‘rgazmalardan keyin devoriy suratning qolgan qismlarini ham ko‘rish uchun muzeyimizga Yevropa davlatlaridan ko‘plab sayyohlar keldi. Ayni paytda Yaponiyaning “Mixo” muzeyi hamda Xitoydagi yirik muzeylar ham Varxuman saroyi devoriy suratlari va boshqa nodir ashyolarimiz asosida hamkorlikda ekspozitsiyalar tashkil etish taklifi bilan chiqqan. Lekin biz bu ishlar bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Ekspozitsiyalarimizni namoyish etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu jarayon bugun dunyodagi barcha muzeylarda kechmoqda. Shu yilning 18 may – Xalqaro muzeylar kunida Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaning asosiy mavzusi ham shu bo‘ldi. Anjumanda bu borada xorijlik hamkasblarimiz bilan fikr va tajriba almashdik, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik. Ayni paytda muzeyimizdagi har bir ekspozitsiya bo‘yicha elektron ma’lumotlar yaratilib, ular bilan QR kodlar orqali tanishish imkoniyati yaratilgan. Endilikda bu ishni yanada takomillashtirib, har bir ashyo haqida shu tarzda va boshqa zamonaviy vositalar orqali ma’lumotlar tayyorlab, ulardan muzeyga keluvchilarning erkin foydalanishlariga sharoit yaratamiz. Bundan tashqari, yana boshqa bir qator loyihalarimiz ham bor va tomoshabinlar bunga tez orada guvoh bo‘lishadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Samarqanddagi muzeylarga tashrif buyurgan sayyohlar soni ilk bor 1 million nafardan oshgan. Jumladan, “Afrosiyob”ga 50 ming nafardan ortiq tomoshabin kelgan. Muhimi, bu raqam yildan-yilga oshib bormoqda va Samarqand tarixiga qiziquvchilar ko‘paymoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/O9C4VzPrjWs" title="“Afrosiyob” devoriy suratlari dunyoning mashhur muzeylarida namoyish etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari