Afrikaning sakkizta mamlakati Ukraina elchixona ochishiga rozilik bildirdi
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba umumukraina telemarofoni efirida chiqish qilib, Afrikaning sakkizta mamlakati Ukraina elchixonasini ochishga rasman rozilik bildirganini ta’kidlagan. Elchixonalarni yil oxirigacha ochish rejalashtirilmoqda. 2022 yil dekabrda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Afrikada o‘nta elchixona ochishini ma’lum qilgandi.
Kuleba 2022 yil oktyabr oyida Afrika mamlakatlari bo‘ylab Ukraina diplomatiyasi tarixidagi ilk safarini amalga oshirgan edi. O‘tgan mart oyida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Afrika mamlakatlariga berish uchun qo‘shimcha 125 ming tonna don yoki makkajo‘xori sotib olish rejasi haqida ma’lum qilgandi. O‘z navbatida, Italiyaning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish assotsiatsiyasi (Coldiretti) bergan ma’lumotga ko‘ra, don kelishuvi doirasida Ukraina portlaridan olib chiqilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining faqat 55 foizi Afrika va Osiyodagi rivojlanayotgan mamlakatlarga yetkazilgan.