Xavfli nuqtalar
Bugun biz global xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatayotgan, ammo ko‘pincha yetarlicha tushunilmaydigan hudud – Afrikaning Sohil mintaqasi haqida so‘z yuritamiz.
Qariyb 30,3 million kvadrat kilometr maydonni egallagan ulkan qit’a – Afrika Yer yuzasidagi quruqlikning 20 foizini tashkil etadi. Sayyoramiz aholisinig 1,4 milliarddan ortig‘i yashaydigan bu hududda 54 mustaqil davlat bor. Geografik jihatdan Shimolda O‘rta Yer dengizi, g‘arbda Atlantika, sharqda Hind okeani va shimoli-sharqda Qizil dengiz bilan o‘ralgan bu zamin dunyo iqtisodiyotining “yuragi” hisoblanadi.
Tasavvur qiling, Yer qa’ridagi oltin zaxirasining 40 foizi, eng muhimi zamonaviy texnologiyalar, smartfon va elektromobillar akkumulyatorlari uchun suv va havodek zarur kobalt metallining qariyb 70 foizi aynan shu qit’ada joylashgan. Shuningdek, Afrika uran, neft va gaz konlariga ham juda boy. Afsuski, bu boyliklar qit’adagi hamma davlatlarga birdek baxt keltirayotgani yo‘q.
Shu ulkan hudud markazida Sohil mintaqasi joylashgan. Bu joy Sahroi Kabirning janubiy chegarasi bo‘ylab Atlantika okeanidan Qizil dengizgacha cho‘zilgan yarim qurg‘oqchil “belbog‘”dir. Mintaqa o‘zagini Mali, Niger, Burkina-Faso, Chad va Mavritaniya tashkil etadi.
Ko‘pchilik adashtiradigan bir masalaga aniqlik kiritsak: bu yerda gap Nigeriya emas, balki aynan urani bilan mashhur Niger davlati haqida ketmoqda. Sohil bugun iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi sabab, ekologik halokat yoqasiga kelgan. Ayni zaiflik tufayli so‘nggi o‘n yillikda Sohil terror eng tez ildiz otgan hududga aylandi. Bu yerda dunyoning eng xavfli terror guruhlari – “Al-Qoida” va ISHID bilan aloqador qurolli to‘dalar o‘z hukmini o‘tkazishga urinmoqda.
Xalqaro hisobotlar dahshatli raqamlarni ko‘rsatmoqda: oxirgi yillarda dunyo bo‘ylab terror oqibatida halok bo‘lgan har o‘n odamdan qariyb to‘rt nafari aynan Sohil mintaqasiga to‘g‘ri kelmoqda. Chegaralar keng, nazorat esa nihoyatda zaifligi bois markaziy hukumat chekka qishloqlardagi ta’sirini yo‘qotgan.
Harbiy to‘ntarish epidemiyasi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. 2020-yil Mali, Burkina-Faso va Nigerda harbiylar hokimiyatni qo‘lga oldi. Bu demokratik institutlar yemirilishi, xalqaro tinchlikparvar missiyalar hududni tark etishi va natijada terrorchilar uchun “eshiklar ochilib qolishi”ga sabab bo‘ldi.
Bu beqarorlik Afrika bilan birga butun dunyoga ta’sir ko‘rsatmoqda. Sohil – Yevropaga yo‘nalgan migratsiya oqimiining asosiy chorrahasi. Qurg‘oqchilik va zo‘ravonlikdan qochgan minglab odam tirik qolish ilinjida Sahroi Kabirni kesib o‘tib, O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga kirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Sohil mintaqasi shunchaki Afrikaning chekka bir qismi emas, balki global xavfsizlik tizimidagi eng zaif zanjirdir. Bu yerda uran va oltin uchun ketayotgan geosiyosiy kurash, avj olgan terror va migratsiya inqirozi butun dunyo tinchligiga tahdid solmoqda. Agar bugun ushbu “global beqarorlik zanjiri” nazoratga olinmasa, ertaga buning oqibati butun yer yuziga tarqalishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/hQuelHxVWeM" title="Afrika: Sohil mintaqasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva,
Doniyor Yoqubov (tasvirchi),
Iskandar Ismatov (videomuhandis), O‘zA