Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afrika qit’asida milliy sportimiz kurash bo‘yicha seminar o‘tkazilmoqda
12:23 / 2025-05-30

Shu kunlarda Afrika qit’asi Duala shahri milliy sport turimiz kurashni rivojlantirish markaziga aylandi.

Xalqaro kurash instituti, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Afrika kurash ittifoqi va Kamerun kurash assotsiatsiyasi hamkorligida Duala shahridagi “Arena & Academy by Francis Ngannou” majmuasida tashkil etilayotgan xalqaro seminarda Afrika qit’asining o‘nga yaqin davlatida kurash sportiga mehr qo‘ygan mutaxassislar ishtirok etmoqda. 

Mazkur xalqaro seminar mashg‘ulotlarini Xalqaro kurash instituti mutaxassisi, hindistonlik Ravi Kapur, eronlik Vohid Pouresfandiyar, kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rizomat Soliyev, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti kafedra mudiri Nuriddin Chorshanbayev olib bormoqda. 

Seminarda kurash tarixi, uning texnik-taktik qoidalari, zamonaviy sport turi sifatida xalqaro maydonda tanilish jarayoni, kurash sportida qo‘llaniladigan “gilam”, to‘xta”, “kurash”, “g‘irrom”, “yonbosh”, “yaktak”, “ta’zim” kabi o‘zbekona so‘zlarning mazmun-mohiyati, musobaqalarni, o‘quv-yig‘inlarni tashkil etish tamoyillari xususida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. 

Afrika qit’asida kurashni ommalashtirish, musobaqa va chempionatlarni uyushtirishga qaratilgan seminar mashg‘ulotlari yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar tegishli sertifikatlar bilan taqdirlanadi. 

T.Ro‘ziyev, O‘zA