Kot-d’Ivuar milliy terma jamoasi FIFA reytingida 37-pog‘onani band etib turibdi. Ular 3 karra Afrika chempioni hisoblanadi.
Kot-d’Ivuar milliy terma jamoasi
Shu yilning yozida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatining "E" guruhidan turnirning asosiy favoritlaridan biri Germaniya, Ekvador, Kyurasao hamda Kot-d’Ivuar terma jamoalari joy olgan.

Kot-d’Ivuar terma jamoasi tarixi
Kot-d’Ivuar futbol federatsiyasi 1960-yilda tashkil topgan. 1966-yildan boshlab FIFA va CAFga a’zo hisoblanadi. Jamoa o‘zining dastlabki rasmiy o‘yinini 1960-yilda Madagaskar terma jamoasiga qarshi o‘tkazgan va 3:2 hisobida zafar quchgan. Ular o‘zlarining eng yirik g‘alabasiga 1961-yilda CHADga qarshi o‘yinda erishgan. Ushbu bahs "fillar" 11:0 hisobida raqiblarini tor-mor etgan. Eng yirik mag‘lubiyat esa 2017-yilda Niderlandiyaga qarshi uchrashuvda kuzatilgan 5:0. Ayni vaqtda Kot-d’Ivuar milliy terma jamoasi FIFA reytingida 37-pog‘onani band etib turibdi. Ular 3 karra Afrika chempioni hisoblanadi.

Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Kot-d’Ivuar milliy terma jamoasi shu vaqtga qadar 3 marta Jahon chempionatida ishtirok etgan. Terma jamoa o‘z debyutini 2006-yilda Germaniya mezbonligida o‘tgan mundialda amalga oshirgan. Bundan tashqari, 2010-va 2014-yillardagi Jahon chempionatlari ham ushbu yurt vakillarisiz o‘tmagan. Ivuarliklar 3ta mundialda ham guruh bosqichida musobaqa bilan xayrlashgan. 2014-yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan turnirda Kolumbiya, Yaponiya va Gretsiya bilan bir guruhdan joy olgan "fillar" dastlabki turda Yaponiyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, musobaqani g‘alaba bilan boshlagan. Biroq 2-turda Kolumbiyaga, so‘nggi turda esa Gretsiyaga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, Jahon chempionatini tark etgan.
Eng yaxshi futbolchilari
Ivuarliklar safida eng ko‘p uchrashuv o‘tkazgan futbolchi Didye Zakora hisoblanadi. U milliy jamoa safida 123ta bahsda ishtirok etgan. Eng yaxshi to‘purar esa Didye Drogba sanaladi. "Chelsi" afsonasi terma jamoa libosida 95ta uchrashuvda maydonga tushib, 63ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Ayni vaqtda "fillar" safida Kristofer Operi, Guela Due, Seko Fofana, Jeremi Boga, Uilfred Zaha, Amal Dialo, Nikolas Pepe kabi bir qator katta nomlar harakat qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Kot-d’Ivuar terma jamoasi mundialdagi dastlabki o‘yinini 15-iyun kuni Ekvadorga qarshi o‘tkazadi. 2-turda Germaniya milliy terma jamoasi bilan bahslashadi. So‘nggi turda esa Kyurasao bilan kuch sinashadi.