Rossiya – Ukraina
NATOga a’zo davlatlar 11-12 iyul kunlari Vilnyusda o‘tadigan sammitda Ukrainaga yordam berishni faollashtirish masalasini muhokama qiladilar, dedi tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
“Vilnyusda qabul qilinadigan qarorlar juda muhim, Ukraina Qurolli kuchlarini NATO standartiga yaqinlashtiramiz”, dedi Shimoliy Atlantika alyansi rahbari.
Ukraina Amerika hukumatiga qarshi hujum boshlanishi aniq muddatini aytmagan. Bu haqda “The New York Times” gazetasi rasmiylarga tayanib yozdi.
Xabarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlarining joylashuvi va harbiy xizmatchilar sonini o‘rgana boshlagan. Bu jarayon bir necha kun davom etishi mumkin.
“G‘arb Ukrainaga yetkazib berayotgan qurol-aslaha dunyoning boshqa muammoli mintaqalariga yetib borishi, o‘sha joylardagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin”. Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto shunday degan.
Afrika mamlakatlarining Ukraina atrofidagi ziddiyatni tezroq to‘xtatish maqsadida tashkil qilingan tinchlik missiyasi Moskva va Kiyevga safar qiladi. Bu haqda Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa shunday dedi:
- Missiyaning ikki vazifasi bor: mojaroni to‘xtatish sharti to‘g‘risida Rossiya va Ukraina tomoni fikrini eshitish hamda mazkur safar xulosasi o‘laroq, taklif-mulohaza ishlab chiqish.
Eslatib o‘tish joiz, JAR tashabbusi bilan Misr, Zambiya, Komor orollari, Senegal, Uganda Prezidentlari ishtirokida videokonferensiya shaklida o‘tgan uchrashuvda Moskva va Kiyevga boradigan missiya ishining tashkiliy jihati ko‘rib chiqilgan. JAR tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Naledi Pandor “SABC” radiosiga bergan ma’lumotga qaraganda, qator Afrika davlatlari TIV rahbarlari keyingi hafta Kiyev va Moskvaga boradi.
Delegatsiya, shuningdek, Afrikaning mazkur yetti mamlakati Prezidentlarining Kiyevga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ukrainalik mutassaddilar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, ayni shunday maqsad bilan delegatsiyamiz Moskvaga ham boradi, dedi vazir intervyusida.
Moldovalik mutaxassislar Milliy armiya markazida Ukraina Qurollari kuchlari uchun harbiy sapyorlarni tayyorlash kursini boshlaydi, deya ma’lum qildi respublika Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Ukraina Qurolli kuchlari vakili Yuriy Ignat aytishicha, yaqin kunlarda ukrainalik uchuvchilar qiruvchi samolyotdan foydalanishni o‘rganish uchun chet elga yuboriladi.
“Uchuvchilardan tashqari, samolyotlarga xizmat ko‘rsatadigan mexanik va jangovar boshqaruv zobitlari ham maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi”, qo‘shimcha qildi u.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi BMT Xavfsizlik kengashida Kaxov GESdagi to‘g‘onga yetkazilgan zarar bo‘yicha zudlik bilan yig‘ilish o‘tkazish taklifini kiritdi. TIV ayni mavzu MAGATE boshqaruvchilar kengashida ham ko‘rib chiqilishi zarurati bor, deb hisoblaydi. Shuningdek, “YeI fuqarolik himoyasi mexanizmini ham harakatga tushirish kerak.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiya bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi bayonotiga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Kaxov GESdagi qo‘poruvchilik uchun mas’uliyat kim tomonida ekaniga doir aniq fikr aytolmaydi.
Prezident Vladimir Zelenskiy G‘arb mamlakatlari Kiyevga yetkazib berayotgan qurol-aslahadan Rossiya hududida foydalanilmayapti, deya ishonch bildirdi.
“Menga bu masalada G‘arb mulozimlari murojaat qilmadi”, dedi davlat rahbari.
Abror XON, O‘zA