Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afg‘onistonlik ayol talabalar uchun navbatdagi o‘quv
16:49 / 2021-02-01

Bugun – 1 fevral kunidan mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan afg‘on ayol talabalari uchun qishki maktab o‘quvi boshlandi.

Mazkur o‘quvdan ko‘zlangan maqsad, afg‘on ayol talabalarning gender tengligi, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish, shaxsiy va kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lish, ijtimoiy qo‘shilish, tinchlik, xavfsizlik va yetakchilik sohalarida ta’lim salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan.

BMT Taraqqiyot Dasturining mintaqaviy loyihasi koordinatori Ulug‘bek Kamaletdinovning ma’lum qilishicha, qishki maktab o‘quvlari 5 fevralga qadar davom etadi. Afg‘onistonlik talaba qizlarning o‘quvda olgan bilim va ko‘nikmalari o‘z yurtiga qaytganlarida gender tengligini targ‘ib qilish, yangi, munosib ish topish imkoniyatlarini kengaytirish va ayollarning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini oshirishda qo‘l keladi.

– 2020 yil dekabr oyida 10 nafar afg‘on ayolidan iborat birinchi guruh Toshkent davlat agrar universitetida agronomiya bo‘yicha texnik va kasb-hunar ta’limi dasturida o‘qishni boshlagan edi, – dedi U.Kamaletdinov. – Bu galgi o‘quvning tashkil etilishi ham Afg‘oniston ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan transchegaraviy tashabbus tufayli O‘zbekiston va Qozog‘istonda o‘qitish uchun Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan va BMT TD tomonidan amalga oshiriladigan ta’lim grantlari bilan bog‘liqdir. Ahamiyatlisi, ushbu tashabbusni amaliyotga tatbiq etishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti BMT TDning O‘zbekistondagi hamkorlari hisoblanadi.

Besh kun davom etadigan ushbu qishki maktab o‘quvi Qozog‘istondagi «BMT-Ayollar» tuzilmasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi Gender iqtisodiyotini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Universitet huzuridagi Gender iqtisodiyotini o‘rganish markazi 2018 yilda Soros-Qozog‘iston jamg‘armasi ekspertlari va moliyaviy ko‘magi bilan tashkil etilgan.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan afg‘on ayol talabalari uchun qishki maktab o‘quvi Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi qo‘shma dasturi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekistonning xususiy va davlat sektorlari mutaxassislari tomonidan "Gender tengligi va ayollarning huquqlari", "Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish" va "Jamiyat va mamlakat taraqqiyoti uchun tinchlik va o‘zini tutishni o‘zgartirish" modullari bo‘yicha interaktiv treninglar shaklida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA