French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afg‘onistondagi vaziyat g‘arb ommaviy axborot vositalari talqinida
12:10 / 2021-08-16

Afg‘oniston poytaxti toliblarga shunchalik tez topshirilishini hech kim kutmagandi, deb yozadi g‘arb ommaviy axborot vositalari.

Nashrlar Kobul aeroportidagi evakuatsiya jarayonini ham keskin tanqid qilmoqda. “Bu yerda xorijiy dimlomatlar olib ketilmoqda, afg‘onlar esa taqdir hukmiga uloqtirildi”, deb yozmoqda ular.

“Tolibon” harakati jangarilari 6 avgustda Gilmend viloyatining ma’muriy markazi Lashkargohni egallagan edi. So‘ngra 10 kunga qolmay 34 ta viloyatdan iborat bo‘lgan qariyb butun mamlakatni bosib oldi va poytaxtga kirib kelishdi.  

Kecha tunda g‘arbning ko‘plab ommaviy axborot vositalari maqolalarini qariyb bir xil boshlagan: "Kobul hukumati quladi, G‘arb qo‘llab-quvvatlagan prezident qochdi, jangarilar esa uning saroyiga kirib bordi".

Washington Post gazetasining yozishicha, Afg‘oniston poytaxtini egallashga yillab tayyorgarlik ko‘rilgan edi, yakunda esa, uni egallash uchun atigi bir kun kerak bo‘ldi, xolos. New York Times bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan hafta toliblarning qishloq joylarga va shaharlarga tez va shafqatsizliklarcha yurishi amerikalik harbiylarni va hukumatini g‘aflatda qoldirdi. Politiconing ta’kidlashicha, na vaziyatga rasmiy baho berish va na razvedka ma’lumotlari toliblarning Afg‘oniston bo‘ylab bunchalik tez siljishini hisobga olmagandi.

Financial Times yozishicha, toliblarning Kobulga kirishi bir haftalik yashin tezligida amalga oshirgan dramatik hujumining kulminatsiyasi bo‘ldi. Natijada jangarilar mamlakatning katta qismini nazoratiga olishdi. Shu bilan birga, nashrning fikricha, Afg‘oniston endi “fuqarolar urushi tomon bormoqda”.

"Bu Afg‘onistonning millat sifatida tamom bo‘lishi", — deb yozdi sobiq mansabdor, Kobul aholisi uchun xavfsizlik sohasidagi ilovani boshqarayotgan Sara Uaxedi Twitterda.

Tahlilchilarning aytishicha, Afg‘onistondagi janglarda eng chiniqqan harbiy qo‘mondonlar qayta guruhlashib olish uchun hozircha orqaga chekinib turish taktikasini tanladi va tez orada isyon ko‘taradi.  

G‘arb ommaviy axborot vositalari o‘z e’tiborini eng ko‘p Kobul aeroporti atrofida ro‘y berayotgan voqealarga qaratishdi. Times gazetasining ta’kidlashicha, faqat Kobul aeroporti toliblar nazoratida bo‘lmagan hudud bo‘lib, mamlakatdan chiqib ketishning yagona yo‘li bo‘lib turibdi. Bu yerda ham amerikaliklarning chiqib ketishi 1975 yildagi harbiylarning Saygondan chiqib ketishi bilan solishtirildi.

Wall Street Journal shunday yozadi: yakshanba kuni kechga borib Kobul aeroportiga eltuvchi yo‘l minglab amerikalik askarlar va mamlakatdan qochib ketmoqchi bo‘lgan afg‘onlar bilan to‘lgan. G‘alati holat kuzatilmoqda, “Tolibon” jangchilari hukumat askarlari bilan aralashib yuribdi.

AQSH elchixonasi hududidan AQSH va g‘arb davlatlarining diplomatlari vertolyotda Kobul aeroportidagi harbiy qismga olib ketilmoqda. Ular birin-ketin havoga ko‘tarilishdi. Pastda esa, aeroportga yetib olish uchun minglab mashinalar ko‘chalarni to‘ldirgancha qolaverdi.  

Keyin to‘polon boshlandi, deb yozadi Wall Street Journal. Pasporti va bileti yo‘q minglab odamlar samolyot reyslariga chiqib olish uchun harakat qilishardi. Uchish yo‘laklarida esa o‘nlab ko‘k rangdagi samolyotlar turardi. Ular AQSH va Buyuk Britaniyaniki bo‘lib, faqat o‘z yo‘lovchilarini kutardi. Fuqaro parvozlari to‘xtatilgan edi.

New York Times gazetasining yozishicha, uchishga huquqi borlarga maxsus yorliq berilgan, ammo millionlab afg‘onlarda, jumladan, AQSH harbiylariga yordam berib kelgan minglab afg‘onistonliklarda bunday yorliqlar yo‘q edi.

Financial Times ta’kidlashicha, AQSH evakuatsiyani amalga oshirishda faqat o‘z fuqarolariga e’tibor berayotgani ko‘plab afg‘onistonlarni hayron qoldirdi. "Men hozir Kobulga borib AQSH elchixonasi qarshisida: “Biz ham sizga o‘xshagan odamlarmiz, bizning ham yashashga va ozodlikdan bahra olishga haqqimiz bor” deb baqirgan bo‘lardim, — deydi xirotlik ayol.

“Tabriklayman, "Tolibon” shaharga kirdi. Biz qochyapmiz", — deb yozdi Afghan Film kinokompaniyasi rahbari Sahra Karimiy Facebookda.

New York Times gazetasining yozishicha, AQSH Afg‘onistonga kirgandan keyin 20 yil o‘tib, amerikacha eksperiment vayrona ichida qoldi, Jo Bayden esa “sharmandali akt imzolanishi”ga raislik qilgan prezident sifatida tarixdan joy oladi. Gazeta, shuningdek, 20 yillik g‘arb intervensiyasidan keyin Afg‘onistonni taqdir hukmiga tashlab ketish qarori keskin tanqidlarga loyiq, deb yozmoqda.

Xalqaro qo‘mita rahbari Tom Tugendxat NATO kuchlarining juda tez fursatda olib chiqib ketilishini Britaniya uchun “Suvayshdan keyingi eng yirik tashqi siyosiy kulfat”, deb baholadi.

 

O‘zA