Afg‘onistonda suv toshqinlari va zilzila oqibatida qurbonlar borligi aytilmoqda
O‘tgan hafta Afg‘onistonda ro‘y bergan kuchli jala natijasida yuzaga kelgan suv toshqinlari va zilzila oqibatida to‘qqiz kishi qurbon bo‘ldi, yana 74 kishi jarohat olgan. Tabiiy ofat mamlakatning ko‘plab viloyatlariga zarar keltirdi, deya ma’lum qilgan Afg‘onistonning tabiiy ofatlarga qarshi kurash vazirligi vakili Xasibulla Shayxani RIA Novostiga.
Uning ta’kidlashicha, Afg‘onistonning 34 ta provinsiyasidan 23 tasida tabiiy ofat qayd etilgan. Ular orasida Farah, Faryob, Balx, Uruzgon, Kunar, Nuriston, Lagmon, Bag‘lon va boshqa ma’muriy birliklar bor.
“Afsuski to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, 74 kishi jarohat oldi”, – dedi u, 1,7 mingta uy butunlay yoki qisman vayron bo‘lganini qo‘shimcha qilib.
Vakilning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda qator tashkilotlar, jumladan, xalqaro tashkilotlar hamkorligida 53 ming oilaga gumanitar yordam ko‘rsatilgan.