Afg‘oniston sharqida 12 soat ichida ikki bor kuchli aftershok sodir bo‘ldi. Germaniya Geologiya fanlari tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, bugun mamlakat janubi-sharqida, 10 km chuqurlikda 5,4 magnitudali zilzila qayd etilgan. Bu hodisa mintaqada yana qurbonlar berilishi, vayronagarchilik bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotirni kuchaytirdi.
So‘nggi to‘rt kun ichidagi zilzilalar mamlakatda 2200 ga yaqin insonning hayotiga zomin bo‘ldi, deb yozgan “Reuters”. Zilzilaga moyil ushbu mintaqada omon qolganlar uchun eng zarur sharoit yaratishga harakat qilinyapti. BMT va boshqa mas’ul idoralar ta’minot, oziq-ovqat, dori-darmon va boshpanaga ehtiyoj kuchayib borayotganidan ogohlantirmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xalqaro jamoatchilikka murojaat qilib, 4 million dollar so‘radi. Rasmiylar payshanbaga qadar 2205 kishi halok bo‘lgani, 3640 odam jarohatlanganini tasdiqlagan. Nangarhor viloyati sog‘liqni saqlash departamenti matbuot kotibi Naqibulla Rahimiy aytishicha, kechagi zilzilaning markaziy nuqtasi Pokiston bilan chegaradosh Shiva tumanida ekani aniqlangan. Vayronalar haqida dastlabki ma’lumotlar allaqachon olingan.
JSST muhim yo‘llardagi ko‘chki va vayronalar yordam ko‘rsatishga xalaqit berayotganini aytib, sog‘liqni saqlash va kasalliklarni nazorat qilish uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirdi. Aholi turli xastaliklar xavfi asosan gavjum boshpanalardan kelib chiqishiga e’tibor qaratgan.
Afg‘oniston hukumati yakshanba kungi falokatdan ko‘p o‘tmay, dunyoga shoshilinch yordam so‘rab murojaat qildi. Afsuski, 2021 yil Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritgandan buyon dunyo e’tiboridan anchayin chetda qolayotgan mamlakatga juda kam yordam ko‘rsatilyapti.
Zilzila oqibatini bartaraf etish uchun ajratilgan mablag‘ tez orada tugashini bildirgan BMT mablag‘ so‘rab, favqulodda murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
G.Sattorova, O‘zA