French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afg‘onistonda barqaror tinchlikning o‘rnatilishi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari farovonligining muhim omillaridan biri
16:12 / 2022-01-29

Shu yilning 27 yanvar kuni “Hindiston – Markaziy Osiyo” davlat rahbarlari ishtirokida birinchi sammit tashkil etildi.

Ushbu tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqalararo hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zaro tarixiy bog‘liqlikni qayta tiklashning eng muhim sharti mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston rahbari buning uchun avvalo Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashish, ushbu mamlakatda gumanitar inqiroz avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini qayd etdi.

Darhaqiqat bugungi kunda afg‘on xalqi iqtisodiy va gumanitar inqirozni boshdan kechirmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra hozirgi vaqtda 23 million ushbu davlat fuqarolariga ochlik rahna solmoqda. 

Agar vaziyat o‘nglanmasa, iqtisodiy inqiroz davom etadigan bo‘lsa, 2022 yilning o‘rtalariga borib 38 millionlik Afg‘oniston aholisining 97% ocharchilikka yuz tutishi mumkin.

bugungi kunda Afg‘onistonda gumanitar vaziyatning yomonlashuvining oldini olish maqsadida xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, unga qo‘shni bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari afg‘on xalqiga beg‘araz insonparvarlik yordamini ko‘rsatib kelmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston 2021 yilning sentyabr va dekabr oylarida Afg‘onistonda oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va kiyim-kechaklardan iborat bo‘lgan umumiy hisobda 88 vagonlik insonparvarlik yordamini jo‘natdi. 

Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston o‘z hududi orqali boshqa davlatlarga ham Afg‘onistonga gumanitar yordam yuborish imkoniyatini taqdim etdi. Jumladan, BMT Termizda Afg‘onistonga yordam yuklarini yuboruvchi Bosh logistika markazini tashkil etdi.

Qayd etish lozimki, Hindiston ham Afg‘oniston iqtisodiy taraqqiyotiga eng katta hissa qo‘shgan yirik donor davlatlardan biri hisoblanadi. So‘nggi 20 yil davomida Afg‘onistonning barcha 34 viloyatida Hindiston tomonidan 3 milliard dollarlik ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilgan.    

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, afg‘on zaminida tinchlik va barqaror rivojlanishning ta’minlanishi Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro tarixiy bog‘liqlikning qayta tiklanishida muhim omil hisoblanadi. Azaldan Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim ko‘prik bo‘lib kelgan. Ammo turli tarixiy jarayonlar va bu davlatda davom etgan uzoq yillik urush natijasida ushbu bog‘liqlik uzilib qoldi. 

Shu nuqtai-nazardan afg‘on diyorida barqarorlikka erishish umummintaqaviy iqtisodiy imkoniyatlarini kengroq ro‘yobga chiqarishga, Afg‘oniston xududida muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi. Qolaversa Afg‘oniston mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarning muhim ishtirokchisiga aylanishi, ushbu davlat farovonligiga, yangi ish o‘rinlarinining yaratilishiga xizmat qiluvchi yangi imkoniyatlar ochilishiga xizmat qiladi. 

Tarixiy bog‘liqlikning qayta tiklanishi esa Yevrosiyoning ikki yirik mintaqasi hisoblangan Markaziy va Janubiy Osiyoda iqtisodiy farovonlik va taraqqiyotning kuchayishiga sabab bo‘ladi. 

bugungi kunda ham deyarli 2 milliard aholi va 3,5 trilion dollarlik yalpi ichki mahsulotga ega bo‘lgan, dunyoning eng tez taraqqiyotga erishayotgan mintaqalaridan biri bu Janubiy Osiyodir. Iqtisodiy tahlilchilaring prgnozlariga ko‘ra, 2030 yilga borib Hindiston dunyoda istemol bozorining hajmi bo‘yicha AQSH va Xitoydan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqib oladi.

bugungi kunda Janubiy Osiyoning jahon iqtisodiy rivojiga qo‘shayotgan hissasi 15% tashkil etayotgan bo‘lsa, 2040 yilga borib bu ko‘rsatkich 30% foizga yetishi mumkin. Hozirgi iqtisodiy rivojlanish templari saqlanib qoladigan bo‘lsa Janubiy Osiyo dunyo iqtisodiyotining yangi lokomotiviga aylanishi mumkin.

Shu nuqtai-nazardan rivojlanish bosqichida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun Janubiy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa uning iqtisodiy yirik davlatlaridan biri bo‘lgan Hindiston bilan barcha yo‘nalishlarda aloqalarni rivojlantirish nafaqat mintaqalararo barqaror, iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi, balki Afg‘onistonda ham bardavom tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

Rustam Xuramov, 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti 

bo‘lim boshlig‘i