Afg‘oniston va Pokiston hukumatlari chegara hududida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvdan so‘ng vaqtincha amal qiladigan sulh tuzib oldi. Bu haqda har ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari ma’lum qildi.
Pokiston tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, 48 soatlik kelishuv chorshanba kuni soat Grinvich vaqti bilan 13:00 dan kuchga kirgan. Tolibon hukumati esa “otashkesim Pokiston tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilgani”ga urg‘u berdi.
Avvalroq Afg‘onistonning Qandahor va Kobul shaharlaridagi portlash hamda chegaradagi harbiy harakat oqibatida 12 nafar begunoh fuqaro halok bo‘lgani, 100 dan ziyod odam yaralangani haqida xabar qilingandi. Har ikki tomon bir-birini qurolli to‘qnashuvni boshlashda aybladi.
Pokiston armiyasi ma’lumotida Spin-Boldak chegara tumanida 15-20 nafar tolibon askari yo‘q qilingani keltirilgan. Afg‘oniston hukumati esa “bir nechta pokistonlik harbiy halok bo‘lgani”ni bildirgan. Hech bir tomonning yo‘qotishi mustaqil yoki betaraf manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Ommaviy axborot vositalari yozishicha, chorshanba tongidagi Spin-Boldak to‘qnashuvi besh soat davom etgan. Jangda dron va samolyotlardan foydalanilgan. Joylardagi shifokorlar 7 nafar jonsiz, 36 yaralangan fuqaro qabul qilinganini qayd etgan.
Pokiston rasmiy OAV Qandahor va Kobul hududlarida havo hujumi amalga oshirilgani to‘g‘risida xabar bergan bo‘lsa-da, bu ma’lumot armiya yoki Tolibon hukumati tomonidan rasman tasdiqlanmadi.
Hozircha har ikki mamlakat ijtimoiy tarmoqda bir-birini ayblovchi ma’lumot tarqatishda davom etyapti. Internetda chegara to‘qnashuvi va yonib ketgan o‘tish manzillari aks etgan tasvirlar tarqalgan. Lavhalar haqqoniyligi hali tasdiqlanmagan.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan eskalatsiyaga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiriqlar yangramoqda. BMTning Afg‘onistondagi inson huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennet tomonlarni “haddan ziyod kuch ishlatmaslik, oddiy fuqarolarni himoya qilish”ga chorladi. Xitoy va Rossiya rasmiylari ham vaziyatni barqarorlashtirish uchun muloqot va diplomatik choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Pokiston so‘nggi yillarda Afg‘oniston hukumati “Pokiston Tolibon harakati” a’zolari o‘z hududida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yayotganidan norozilik bildirib kelmoqda. Afg‘oniston esa bu ayblovni rad etib, mamlakat hududidan boshqa davlatlarga qarshi amaliyotda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlab keladi.
Dilshod Hakimov, O‘zA