Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afg‘oniston sharqida yana zilzila
21:01 / 2025-09-05

Afg‘oniston sharqida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Yevropa O‘rta yer dengizi seysmologiya markazi. Keyinroq seysmologlar hisobotida magnituda 5,6 darajaga tushirildi.

Zilzilashunoslar ma’lumotiga ko‘ra, silkinish markaziy nuqtasi 200 000 aholi istiqomat qiladigan Jalolobod shahridan 41 kilometr, Pokistonning Peshovar shahridan 109 km masofaga to‘g‘ri kelgan. Zilzila o‘chog‘i o‘n kilometr chuqurlikda. Qurbonlar va vayronagarchilik haqida ma’lumot berilmagan.

Ma’lumki, 31 avgust kuni kechqurun Afg‘oniston sharqida kuzatilgan kuchli zilzila magnitudasi 6,2 ballni tashkil qilib, ofat o‘chog‘i Jaloloboddan 50 kilometr joyda, 10 km chuqurlikda ekani ma’lum qilingan. Buning ortidan besh marta takrorlangan yer silkinishi Kobuldan Pokiston poytaxti Islomobodgacha bo‘lgan hududda sezilgan. Kunar viloyati eng ko‘p jabr ko‘rgan, Nangarhor, Lag‘mon, Nuriston va Panjshir viloyatlarida ham inshootlar vayron bo‘lgan.

Oxirgi ofat mamlakatning shundoq ham ko‘p yillik mojaro, qashshoqlik va og‘ir tabiiy sharoit tufayli zaiflashgan sog‘liqni saqlash tizimiga ortiqcha yuk bo‘ldi. Ayrim manbalarda Tolibon hukumati tomonidan bugun yangilangan hisobotga tayanib yozilishicha, Afg‘onistondagi so‘nggi zilzila qurbonlari soni 2200 dan oshgani, 3600 dan ko‘p odam jarohatlangani, 8000 dan ziyod uy vayron bo‘lgani keltirilyapti. Hukumat rasmiy vakili qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani, demak halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni ko‘payishi ehtimoli mavjudligini bildirgan.

Achinarlisi, fojia joyi tog‘li hudud bo‘lganligi bois yordam yetkazish ishlari hamon murakkabligicha qolmoqda.

S.Rahimov, O‘zA