Afg‘oniston Pokistonga xavfsizlik shartnomasi loyihasini taqdim etdi
Istanbulda 15 soatlik muzokaralardan so‘ng, “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari Pokiston delegatsiyasiga Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi kelishuvning yakuniy loyihasini taqdim etdi, deb xabar tarqatdi “Afghanistan International” nashri.
Hujjatda “Afg‘on hududi va havo maydonini buzmaslik” tamoyiliga va tomonlarning “Tolibon raqiblari” tomonidan Pokiston hududidan foydalanishning oldini olishga sodiqligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, loyihada sulhni buzish ehtimoli haqida ma’lumot almashish va monitoring qilish uchun to‘rt tomonlama mexanizm yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Manbalarga ko‘ra, muzokaralar vositachilar ishtirokida davom etmoqda va ularning natijalari Doha sulh bitimini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan kelajakdagi kelishuvning taqdirini belgilaydi.
Pokiston o‘z navbatida, Kobuldan “Tehreek-e-Taliban Pakistan” (TTP) va yaqinda chegaralararo hujumlar uchun mas’ul bo‘lgan boshqa guruhlarga qarshi qattiq choralar ko‘rishni talab qilgan.
S.Rahimov, O‘zA