Janubiy Osiyoda ko‘p yil yashirin va ochiq shaklda davom etgan Afg‘oniston – Pokiston ziddiyati yana keskinlashdi. Chegaradagi to‘qnashuv, o‘zaro ayblov va havo zarbalari ikki davlat munosabatini xavfli nuqtaga olib keldi.
Ushbu mojaro zamirida tarixiy ishonchsizlik, geosiyosiy hisob-kitob va radikal guruhlar omili uyg‘unlashgan.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti Muqaddas Hojimurodova aytishicha, joriy yil 26-27-fevral kunlari boshlangan voqealar mazkur ziddiyat hal qiluvchi bosqichga ko‘chganini ko‘rsatadi. Pokiston mudofaa vaziri Havoja Muhammad Osif mamlakatning sabr kosasi to‘lgani, Afg‘oniston bilan ochiq harbiy to‘qnashuv holatiga kirishilgani haqida bayonot berdi. Tolibon boshlagan hujumga javoban, Pokiston armiyasi keng ko‘lamli “G‘azab lil Haq” nomli amaliyot olibbormoqda.
Tomonlar yetkazilgan zarar va qurbonlar bo‘yicha turli raqamlarni keltirmoqda. Pokiston Idorlararo razvedka boshqarmasi (ISI) matbuot kotibi Ahmad Sharif Chaudri mamlakatning qat’iy pozitsiyasini bayon qilib, Afg‘oniston rasmiylari terror guruhlarini qo‘llab-quvvatlash yoki Pokiston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatini o‘rnatish o‘rtasida tanlov qilishi kerakligini ta’kidlagan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 274 nafar afg‘on tolibon jangchisi yo‘q qilingan. Bu “ehtiyotkor baho” sifatida qayd etilgan, haqiqiy ko‘rsatkich yanad yuqori bo‘lishi mumkin. 400 dan ziyod odam yaralangan, chegara bo‘ylab joylashgan 73 harbiy post butunlay vayron qilingan, 18 manzil Pokiston nazoratiga olingan. Shuningdek, 115 tank, zirhli texnika va artilleriya vositasi yo‘q qilingani, jangarilarga boshpana bergan shtab, brigada va batalon markazlari, o‘q-dori omborlari hamda logistika bazalari nishonga olingani bildirildi. Havo zarbalari Kobul, Qandahor, Paqtiya, Nangarhor, Xost va Paktika viloyatlaridagi harbiy ob’ektlarga qaratilgani, fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilmagani aytilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, bu to‘qnashuvlar ko‘pchilik uchun kutilmagan holat emas edi. Zero, ikki davlat o‘rtasidagi munosabat uzoq tarixiy ildizlarga ega. 1947-yil Pokiston mustaqillikka erishgach, g‘arbiy chegara sifatida Buyuk Britaniya Hindistoni davrida belgilangan hududiy chiziq qabul qilindi. Afg‘oniston bilan sarhadni belgilab turgan mazkur hudud “Dyurand chizig‘i” nomi bilan mashhur bo‘lib, 1893-yil Britaniya imperiyasi vakili Genri Mortimer Dyurand hamda Afg‘oniston amiri Abdurrahmon o‘rtasida tuzilgan kelishuvga borib taqaladi.
Britaniya Hindistondan chiqib ketganidan buyon Afg‘onistondagi hech bir hukumat ushbu chegarani rasman tan olmagan. Shu sababli ikki qo‘shni o‘rtasidagi siyosiy aloqalar doim murakkab va ishonchsiz muhitda shakllanib kelgan. Bugungi keskinlashuv ham shu tarixiy meros va o‘zaro ishonch tanqisligi davomi sifatida baholanmoqda.
Ko‘plab tahlilchilar fikricha, Pokistonning o‘tgan asr 80-yillarida Afg‘oniston masalasiga chuqur aralashuvi strategik jihatdan jiddiy xato bo‘lgan. Bunday siyosat mamlakatga kutilgan geosiyosiy ustunlikni bermadi. Aksincha, uzoq muddatli xavfsizlik muammosini keltirib chiqardi va og‘ir oqibat uchun to‘lov talab qildi.
Pokiston Afg‘onistonning sobiq Sovet Ittifoqiga qarshi kurashida AQSH ittifoqchisi edi. Saudiya Arabistoni va Qo‘shma Shtatlar bilan birga mujohidlar Pokiston hududida tayyorlanib, keyin Afg‘onistonga yuborilgan. Mamlakatga mislsiz miqdorda moliyaviy yordam oqib kelgan. Qolaversa, qurolli kurashni rag‘batlantiruvchi jihod mafkurasi keng tarqatilgan.
Pokiston tarixchilari o‘sha payt davlat rahbari bo‘lgan Ziyo ul-Haqning konservativ qarashi tufayli mamlakatda jadal islomlashuv va radikallashuv jarayoni kuchayganini e’tirof etadi. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgach, boshlangan fuqarolar urushi davrida Pokiston mujohidlar safidan chiqqan toliblarni qo‘llab-quvvatladi. Tolibon rahbarligida Afg‘oniston Islom Amirligi e’lon qilinganda, ushbu mamlakatni tan olgan kam sonli davlatlardan biri aynan Pokiston bo‘ldi.
Bu siyosat “strategik chuqurlik” konsepsiyasi nomi bilan mashhur. Ya’ni, Kobulda Islomobodga sodiq hukumatni shakllantirish orqali Pokiston o‘zining Hindiston bilan raqobati sharoitida g‘arb tomonda xavfsiz “qo‘shimcha maydon” yaratishni ko‘zlagan. Agar Hindiston bilan keng ko‘lamli to‘qnashuv yuz bersa, Afg‘oniston hududi harbiy manyovr va qayta guruh tuzish uchun imkoniyat beradi, deb hisoblangan.
Tolibonning birinchi hukmronlik davri o‘rta asrlarga xos boshqaruv uslubi, keskin cheklov va turli ekstremistik guruhlar uchun panogoh yaratishi bilan yodda qoldi. Ayniqsa, Usama bin Lodinning Afg‘onistonda boshpana topishi va 2001-yil 11-sentabr voqealari ushbu rejim taqdirini hal qildi. Bu gal ham Pokiston AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiyani qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘ldi. Shu bilan birga amalda Afg‘onistondan chekinayotgan ayrim toliblarga o‘z hududida yashirin panoh bergani to‘g‘risidagi da’volar ham yangragan.
Natijada radikal g‘oyalar mamlakatning chegara hududlarida yanada tez tarqaldi. 2007-yil “Tehriki Tolibon Pokiston” (TTP) harakati shakllandi. Guruhning asosiy maqsadi – Pokistondagi saylangan hukumatni ag‘darish va shariat qonunlariga asoslangan amirlik barpo etish. Ayni maqsadda ushbu tuzilma begunoh aholi, davlat xizmatchilari va harbiylarga qarshi hujumlar uyushtirib kelmoqda.
Pokiston 2009-yildan boshlab turli harbiy amaliyotlar o‘tkazib keladi. Faqat bunday sa’y-harakat uzluksiz emasligi jangarilarga qayta shakllanish imkonini berdi. 2014-yil amalga oshirilgan keng ko‘lamli “Zarb-ul Azb” operatsiyasi natijasida harakat faolligi bir necha yilga susaydi. 2021-yil Afg‘onistonda Tolibon hukumati yana hokimiyat tepasiga kelgach, hujumlar qayta avj oldi va 2024-2025-yillarda eng yuqori nuqtaga yetdi.
Kobulda o‘z manfaatiga mos hukumat shakllanishini kutgan Islomobodning umidi oqlanmadi. Afg‘on toliblari o‘zlariga g‘oyaviy jihatdan yaqin bo‘lgan pokistonlik hamfikrlariga hududidan panoh berdi. Bugungi kunda ishonchli manbalar, jumladan BMT ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda turli ekstremistik guruhlar mavjud bo‘lib, ular kuch to‘plab, qulay payt yangi mojarolarni qo‘zg‘atish imkoniga ega.
Pokiston rasmiylari Tolibon hukumatiga bir necha bor ogohlantirish bergan. 2025-yil oktabrdagi o‘zaro hujumlardan keyin Qatar, Turkiya va Saudiya Arabistoni vositachilikka urinib ko‘rdi, biroq muzokaralar sezilarli natija bermadi. Tolibon Islomobod ichki muammolari uchun qo‘shnini ayblashini iddao qiladi, Pokiston esa chegara orqali jangarilar o‘tishiga chek qo‘yishni talab qiladi.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Islomobod yaqinidagi Imombargoh shia masjidiga qilingan terror hujumi ortidan chegara yaqinida sodir etilgan xudkushlik amaliyoti keskin javob choralariga turtki bergan. Shundan so‘ng Pokiston armiyasi Afg‘oniston hududidagi “jangarilar manzilgohlari”ga havo orqali qator zarbalar yo‘lladi. Ayrim ommaviy axborot vositalari hujumdan faqat begunoh aholi jabr ko‘rganini yozdi. Tolibon esa munosib javob qaytarilishini ma’lum qildi.
Pokistonning nufuzli “Dawn” nashri yozishicha, afg‘on toliblari ma’naviy markazi sanalgan Qandahor TTP va boshqa guruhlar masalasida cheklangan ta’sirga ega. Manbalarga ko‘ra, Haybatulloh Oxunzodaning atrofidagilar Pokistonga nisbatan bunday siyosatdan norozilik bildirgan. Ayrim tahlilchilar esa Iroq va Eron hududidan ISHIDga aloqador qoldiq kuchlar Afg‘onistonga yo‘naltirilishi ehtimolidan xavotir bildirmoqda.
So‘nggi kunlarda AQSH va Isroilning Eronga nisbatan harakati asnosida Afg‘oniston – Pokiston ziddiyati soyaga o‘tib qolgandek. Afsuski, bu mojaro ham hali bartaraf etilgani yo‘q. Ziddiyat uzoq davom etadimi yoki muammo muzokara orqali yechiladimi? Hozircha javob yo‘q.
Bir necha frontda xavfsizlik tahdidiga duch kelayotgan Pokiston xalqaro hamjamiyat e’tiborini ushbu muammoga qaratmoqda. AQSH Islomobodning o‘zini himoya qilish huquqini tan olishini bildirdi, Xitoy esa tomonlarni vazminlikka chaqirdi. Markaziy Osiyo davlatlari ham mintaqa barqarorligi uchun ushbu mojaro tezroq hal bo‘lishidan manfaatdor.
O‘zA muxbiri Musulmon Ziyo tayyorladi.