Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afg‘oniston – Pokiston: Dyurand chizig‘i ortidagi geosiyosiy raqobat
07:34 / 2026-03-05

Janubiy Osiyodagi eng murakkab va uzoq davom etayotgan siyosiy bahslardan biri – Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi “Dyurand chizig‘i” mojarosidir. XIX asr oxirida mustamlakachilik siyosati natijasida chizilgan bu sun’iy chegara bugungi kungacha ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Chegaraning aniq huquqiy maqomi borasidagi kelishmovchilik, etnik birlik bo‘linib ketishi va mintaqadagi geosiyosiy raqobat ushbu muammoni nafaqat ikki davlat, balki butun Janubiy Osiyo xavfsizligi uchun dolzarb masalaga aylantirdi. Shu bois Dyurand chizig‘i atrofidagi tarixiy, siyosiy va xavfsizlik omillarini chuqur tahlil qilish mintaqa barqarorligi bilan bog‘liq muhim bir shartni anglash, kelgusi rivojlanish istiqbolini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi rahbari Sardor Rahimov fikricha, jahon siyosiy maydonida yuz berayotgan keskin o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik va davlatlar o‘rtasida ishonchsizlik ortib borishi hududiy-chegaraviy masalalarni chuqur o‘rganishni taqozo etadi. Shunday murakkab muammolardan biri – Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi “Dyurand chizig‘i” mojarosi, tadqiqotlar natijasi guvohlik berishicha, “Katta o‘yin” siyosatining salbiy merosidir. Xalqaro-huquqiy maqomiga oid bahs yana kun tartibiga chiqqan mazkur chegara siyosiy kelishmovchilik, etnosiyosiy, geosiyosiy va xavfsizlik bilan bog‘liq murakkab masalalar tufayli hamon dolzarbligicha qolmoqda.

“Dyurand chizig‘i” Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida bir asrdan ortiq vaqt davomida hal etilmay kelayotgan chegara masalasidir. Mintaqadagi pushtun aholini ikki yoqqa ajratib yuborgan bu chiziq tufayli chegarada terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosi kabi xavfsizlikka tahdid soluvchi muammolar kuchaygan. Vaqt o‘tishi bilan ushbu hudud geosiyosiy raqobat markazlaridan biriga aylandi. 1947-yil Pokiston mustaqil davlat sifatida tashkil topsa-da, “Dyurand chizig‘i” Afg‘oniston hukumati tomonidan hamon rasman tan olinmagan.

Mazkur muammo Markaziy va Janubiy Osiyodagi integratsion jarayon nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, O‘zbekiston tashqi siyosatida Afg‘oniston orqali ikki mintaqani o‘zaro bog‘lash strategiyasi muhim o‘rin tutadi. Transafg‘on transport yo‘lagi, ayniqsa “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasi amalga oshirilishi Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegaraviy masalani chuqur o‘rganishni talab qiladi. Davlatimiz raxbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, Afg‘oniston xavfsizligi O‘zbekiston xavfsizligi, butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyoti garovidir.

Britaniya imperiyasi mustamlakachilik siyosati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan “Dyurand chizig‘i” shakllanishi pushtun va baluj xalqlari yashaydigan hududlarni sun’iy ravishda ikkiga bo‘lib yuborgan. Shu sababli chegara masalasi nafaqat hududiy, balki etnik-siyosiy muammo sifatida ham mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatda “og‘riqli nuqta” bo‘lib qolmoqda. Chegara atrofida yashovchi ayrim guruhlarning “Pushtuniston” yoki “Balujiston” kabi mustaqil davlat tuzish g‘oyasi esa Afg‘oniston, Pokiston va qisman Eron hududiy yaxlitligiga tahdid sifatida baholanadi. Shu bois “Dyurand chizig‘i” masalasi faqat ikki davlat o‘rtasidagi chegara mojarosi emas, balki butun mintaqa barqarorligi va xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatuvchi murakkab geosiyosiy muammo hisoblanadi.

“Dyurand chizig‘i” masalasida Afg‘oniston va Pokiston o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun tarixiy, huquqiy, etnik va geosiyosiy dalillarni ilgari suradi. Ya’ni, ushbu muammo juda murakkab va ko‘p qirrali. Tarixiy tajriba ko‘rsatadiki, chegarada yuzaga keladigan keskinliklar, hatto ayrim qurolli to‘qnashuvlarda ham uchinchi tomon yoki tashqi kuchlarning bevosita yoki bilvosita ta’siri sezilib turadi. “Dyurand chizig‘i” atrofida AQSH, Hindiston, Eron va Xitoy kabi yirik davlatlarning geosiyosiy manfaati to‘qnashishi ehtimoli ham mavjud. Ayni holat mintaqada “Yangi katta o‘yin” deb ataladigan geosiyosiy raqobat hanuz davom etayotganini anglatadi.

Umuman, “Dyurand chizig‘i” mojarosi o‘z ko‘lami va murakkabligi bilan nafaqat Afg‘oniston va Pokistonning milliy xavfsizligi, balki butun Janubiy Osiyo barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biridir. Chegara masalasi qariyb bir asr davomida hal etilmay kelayotgani mintaqada terrorizm va ekstremizm kuchayishi, giyohvand moddalar savdosi kengayishi, qochoqlar oqimi ortishi hamda tez-tez etnik yoki qabilaviy ziddiyat yuzaga kelishiga zamin yaratgan. Shu bois muammoni siyosiy muloqot va diplomatik muzokara orqali hal etish Janubiy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning muhim shartlaridan biri sifatida ko‘riladi.

Musulmon Ziyo, O‘zA