Afg‘onistonda milliy yarashuv bo‘yicha oliy kengash rahbari Abdulla Abdulla mamlakatda vaziyat juda tang ahvolda ekanini aytib, yuzaga kelgan inqiroz bo‘yicha BMT Xavfsizlik Kengashida favqulodda majlis o‘tkazishga chaqirdi, deb xabar bermoqda 1TV telekanali.
Uning ta’kidlashicha, Katar poytaxti Doxada bo‘lib o‘tgan mintaqaviy konferensiyalarda erishilgan muvaffaqiyatlar xavf ostida turibdi.
O‘z navbatida, BMT Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat halokat ostida ekanini ma’lum qildi.
Afg‘onistondagi vaziyat avvaldan aytib bo‘lmaydigan ahvolga kelmoqda va gumanitar halokatning barcha belgilarini namoyon qilmoqda, lekin eng yomoni hali oldinda, dedi Jahon oziq-ovqat dasturining rasmiy vakili Tomson Piri jurnalistlar uchun uyushtirgan brifingda.
"Eng yomoni hali oldinda va eng katta ochlik to‘lqini juda tez yaqinlashmoqda. Vaziyat yomonlashgani va oldindan aytib bo‘lmaydigan holatga kelib qolgani hech kimga sir emas. Vaziyat gumanitar halokatning barcha belgilarini o‘zida namoyon qilmoqda", - dedi u.
Rasmiy vakilning aytishicha, hozirda Afg‘oniston aholisining har uchdan biri ertaga nima yeyishini bilmaydi, 2 million bola esa qo‘shimcha oziq-ovqatga muhtoj. Aksiga olib, qurg‘oqchilik tufayli hosil ham har yilgidan oz bo‘ladi..
Shu sababli Jahon oziq-ovqat dasturi Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha rejasini qayta ko‘rib chiqib, yil oxirigacha 9 million kishiga oziq-ovqat yordamini ko‘rsatishni mo‘ljallamoqda. “Buning uchun donor mamlakatlar qo‘shimcha 200 million dollar ajratishi kerak bo‘ladi”, deyiladi mazkur xabarda.