Afg‘oniston muvaqqat hukumati xorijiy tadbirkorlarni jalb etish maqsadida yangi tashabbusni ko‘rib chiqmoqda.
Gap shundaki, yaqinda mamlakat Iqtisodiy komissiyasi Afg‘onistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan xorijiy investorlar uchun vaqtincha yashash ruxsatnomasi berish masalasini muhokama qildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, ushbu taklif ma’qullanib, ijro uchun mas’ul bo‘lgan tegishli qo‘mitaga yo‘naltirildi. Rejaga binoan, kiritilgan investitsiya miqdoriga qarab xorijiy fuqarolarga 1 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga yashash ruxsatnomasi berilishi mumkin.Hozircha dastur qachon amalga oshirilishi bo‘yicha aniq ma’lumot mavjud emas.
Ekspertlar fikricha, uzoq muddatli yashash huquqining taklif etilishi Kobul uchun xalqaro yakkalanishni yumshatish hamda hozirgi murakkab iqtisodiy sharoitda faoliyat yuritishga tayyor bo‘lgan biznes vakillarini jalb etishda samarali vositalardan biri bo‘lishi mumkin.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA