Termiz tumanidagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan qiymati 1 million yevro bo‘lgan “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan zamonaviy bilimlar markazi foydalanishga topshirildi.
Tadbir Surxondaryo viloyati hokimligi, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi hamda Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturi delegatsiyasining rasmiy uchrashuvi bilan boshlandi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Zulxumor Xidirova, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori Oybek Ro‘ziyev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasi O‘zbekistonga yon qo‘shni Afg‘oniston uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Afg‘onistonda yuz bergan inqiroz sharoitida ham afg‘on yoshlarining vaqtini behuda o‘tkazmay ta’lim olishiga qulay imkoniyat yaratilgani ahamiyatlidir. “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi asosida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Besh yildan buyon faoliyat yuritayotgan markaz joriy yilgacha afg‘onistonlik 328 nafar yigit-qizni qo‘shni mamlakat uchun malakali mutaxassis kadr etib, tayyorlab berdi. Ularning 13 nafari O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari magistratura yo‘nalishida o‘qishni davom ettirmoqda. Ayni paytda “O‘zbek tili va adabiyoti” bakalavr bosqichida 103 nafar, “Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi” bakalavriatida 8 nafar talaba kasb sirlarini puxta egallamoqda. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida yashayotgan afg‘onistonlik fuqarolar uchun informatika va axborot texnologiyalari, tikuvchilik, turizm, agrobiznes va marketing kabi yo‘nalishlarda bir yillik va uch oylik qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilib, ularga o‘zlari tanlagan kasb sirlari chuqur o‘rgatilayotir.

O‘tgan yillarda dunyoda muqobili yo‘q ta’lim markazini qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlab, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish uchun uning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga e’tibor qaratdi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqi hamkorligidagi “Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Mazkur loyiha doirasida ta’lim markazi bir yillik o‘quv kurslarda yuz va uch oylik qisqa muddatli kurslarda yana yuz tinglovchiga kasb o‘rgatishi belgilangan. Hozirgacha ularning 90 nafari qisqa muddatli kursni tugatib, Surxondaryo viloyatida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi.

– Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, – deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian. – Ushbu yangi tashabbus O‘zbekistonlik hamkorlarimizning murojaatiga asosan yo‘lga qo‘yildi. Tashabbus qo‘llab-quvvatlash g‘oyasiga sodiq ekanimizni namoyon etmoqda. Umid qilamizki, bizning uzoq muddatli hamkorimiz bo‘lgan BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan afg‘on fuqarolari turmush sharoitini yaxshilash va oila tebratish uchun yordam beradigan yangi bilim va ko‘nikmalar orttirishini ta’minlaydi.

Buning uchun loyiha tashabbuskorlari ta’lim muassasasining moddiy texnik bazasini rivojlantirishga 164 ming 500 dollar yo‘naltirib, bilimlar markazini zamonaviy kompyuter uskunalari, mebel, keng ekranli monitorlar bilan jihozladi.
– Bundan tashqari Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi hamkorligida “Yashil Makon” tashabbusini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar" loyihasiga qo‘l urdik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi direktori O.Ro‘ziyev.– Dunyoda iqlim o‘zgarishlari dolzarb masalalardan biriga aylangan bir paytda Termiz shahri, Termiz, Sherobod va Jarqo‘rg‘on tumanlarida yangi bog‘lar barpo etish uchun 500 ming dollar ajratildi. Mazkur hududlarda 100 gektar yer ajratilib, bo‘lg‘usi yashil makonlarga 250 ming dona mevali va manzarali ko‘chat ekilmoqda.

– Muhim qadam tashlandi, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Biz Yevropa Ittifoqi bilim markazini Afg‘oniston fuqarolarining O‘zbekistondagi kelgusi yutuqlari uchun xizmat qiladi, degan umidda foydalanishga topshiryapmiz. O‘zbekistonda yashovchi afg‘on fuqarolarining manfaatlarini ta’minlash uchun imkoniyat yaratishga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan va uch tomonlama hamkorlikning bir qismi bo‘lganimizdan xursandmiz.
Yangi bilimlar markazi afg‘onistonlik tinglovchilarning jamoada ishlash, mustaqil ta’lim olish va professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun zamonaviy platformani taqdim etdi. O‘quv xonalarining ko‘pligi afg‘on talabalariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashda yordam berishdan manfaatdor bo‘lgan xususiy sektor vakillari bilan guruhlardagi muhokamalar va fikr almashuvlarni o‘tkazishga qulay imkoniyat yaratdi. Buning uchun markaz xalqaro tashkilotning moliyaviy resurslari yordamida eng yangi axborot texnologiyalari uskunalari, ofis jihozlari va eng so‘nggi dasturiy mahsulotlar bilan ta’minladi.
Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markaziga yangi avtobus ham sovg‘a qilindi. Qisqa muddatli o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan bir guruh tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, “Yashil Makon” tashabbusini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar" loyihasi asosida Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA