Afg‘oniston fuqarolarini Rossiyaga ishga jo‘natish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda
Afg‘oniston hukumati Rossiya bilan mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Afg‘onistonning Moskvadagi elchisi Gul Hasan "TASS" axborot agentligiga ma’lum qildi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat vakillari ayni maqsadda bir necha uchrashuv o‘tkazgan. Muloqotlar ijobiy ruhda kechganini ta’kidlab, kelgusida aniq kelishuvlarga erishish uchun yetarli asos mavjudligini bildirgan.
Gul Hasan Afg‘oniston aholisining asosiy qismi yoshlar ekani, mamlakatda turli sohalarda ishlay oladigan malakali, kasbiy tayyorgarlikka ega mutaxassislar yetarliligini ta’kidlagan. Mamlakat zaruratga qarab, RFda ehtiyoj sezilayotgan sohalarga munosib ishchilar yuborishga tayyorligini aytgan.
Ta’kidlanishicha, bunday hamkorlik har ikki davlat manfaatiga xizmat qilib, mehnat bozoridagi ehtiyojni qondirish, Afg‘oniston fuqarolari uchun esa qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadiga qaratilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA