O‘mon Sultonligida chop etiladigan «Asdaa Oman» gazetasida e’lon qilingan “O‘zbekistonda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi” sarlavhali maqolada anjumanda 100 ga yaqin xorijiy delegatsiya tarkibida Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika, Yaqin Sharq, Osiyo va Tinch okeani mintaqasining 20 dan ziyod davlati vakili qatnashgani qayd etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbir qatnashchilariga yo‘llagan murojaatida Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lishi kerakligini, bu mustahkam tinchlikka erishishning muhim sharti ekanini ta’kidlagani ham muallif e’tiboridan chetda qolmagan. Gazetada mazkur murojaatda qayta qurish “Afg‘onistonning mintaqalararo iqtisodiy jarayonga integratsiyalashuvi, infratuzilmaviy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olishi” ham alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, tadbir yakunida qabul qilingan mezbon davlat bayonotida ushbu konferensiya 2018 va 2021 yillari Toshkentda Afg‘onistonda tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy kommunikatsiya masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan ikki nufuzli anjumanning davomi bo‘lgani qayd etilgani ham qalamga olgan.
“Yakuniy hujjatda ta’kidlanishicha, Afg‘oniston bo‘yicha birinchi vakillik xalqaro forumi “siyosiy bayonot bilan cheklanib qolmay, xalqaro hamjamiyat e’tiborini butun afg‘on xalqi bilan birga qo‘shni davlatlar manfaati uchun ham tinchlik, barqarorlik va davlatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalariga qaratilgan", deya xulosa qiladi «Asdaa Oman».
G.Sattorova, O‘zA