O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi.
Yigirmata yuk avtomashinasida jo‘natilgan oziq-ovqat mahsulotlari va turli dori-darmondan iborat beg‘araz yordam Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev va boshqa tegishli idoralar vakillari ishtirokida Balx viloyatining Hayraton shahriga yetkazildi.


BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu yil yon qo‘shni mamlakatda sovuq kelayotgan qish faslida 17 milliondan ortiq inson oziq-ovqat mahsulotlari inqiroziga yuz tutgan. Ularning to‘rt milliondan oshig‘i yosh bolalardir. Birlashgan Millatlar tashkiloti Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston gumanitar inqirozdan chiqishi uchun taxminan 500 million dollar mablag‘ zarur. Biroq, bu mablag‘ donor mamlakatlar tomonidan berilayotgani yo‘q.


Dunyoda kechayotgan og‘ir siyosiy vaziyatda Afg‘onistonga xalqaro hamjamiyat gumanitar yordamini qisqartirgan. Ana shunday og‘ir sharoitda davlatimiz rahbari yon qo‘shni mamlakatga alohida e’tibor berayotgani, ilgari surayotgan g‘oyalari tinchlikparvarlikka, afg‘on xalqining yashash tarzini yaxshilashga qaratilgani jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Davlatimiz qo‘shni mamlakatga yilning o‘tgan davrida jo‘natgan bu safargi beg‘araz ko‘magi ham ko‘p millatli xalqimizning Afg‘on birodarlarga do‘stlik rishtalarining yorqin ifodasi bo‘ldi.


Yon qo‘shni ikki mamlakat vakillari ishtirokida Hayraton shahridagi “Astrans” kompaniyasida o‘tkazilgan rasmiy topshirish marosimida Balx viloyati gubernatori Mohammad Yusuf Xoji Vafo qish qattiq o‘tayotgan bir paytda ko‘rsatilgan beg‘araz yordam afg‘onistonliklarning mavsumdagi qiyinchiliklarini yumshatishiga xizmat qilishi haqida so‘z yuritib, bu ko‘mak hozirgi inqiroz davrida o‘zbek xalqining o‘zaro do‘stlik, birodarlik va yuksak insoniylik fazilatlarini keng namoyon etganini ta’kidladi.


– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qish qattiq kelib, xalqimiz aziyat chekayotgan bir paytda bizga ko‘rsatayotgan yordami uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz, – deydi Balx viloyati gubernatori Mohammad Yusuf Xoji Vafo. – Jahonda kechayotgan hozirgi siyosiy jarayon va ayrim qo‘shni davlatlar bilan chegaralarimiz yopilgan bir paytda biz uchun yagona mustahkam, hamisha ochiq bo‘lgan, do‘stona munosabat ko‘rsatayotgan bu – O‘zbekiston chegarasi, deb bilamiz va juda qadrlaymiz. O‘zbekistonning ko‘rsatayotgan ko‘magini hech qachon yodimizdan chiqarmaymiz, unutolmaymiz. Biz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘on xalqini yaxshi ko‘rishini, tinch-totuv va farovon turmush kechirishini juda-juda istashini yaxshi bilamiz. O‘zbek xalqining ko‘rsatayotgani xizmati va muruvvatini esdan chiqarolmaymiz. Bu yil O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalari ham juda yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Bu ko‘rsatkichni kelgusi yil uch-to‘rt baravar oshirishga harakat qilamiz. Afg‘on tarafdan O‘zbekistonga hech qanday tahdid bo‘lmasligiga, bir daryoning ikki qirg‘og‘idagi xalqlarimiz uchun o‘zbek-afg‘on chegarasi yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va birodarlik chegarasi bo‘lib qolishiga ishonamiz.


Joriy yilning o‘tgan davrida davlatimiz tomonidan afg‘on xalqiga to‘rt marta insonparvarlik yordami yetkazib berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri