Afg‘on ayollari guruhi 25 fevral kuni Afg‘onistonda inson va xotin-qizlarning asosiy huquqlari uchun Kobulda ayollar inqilobi boshlanganini e’lon qildi, deb xabar berdi mahalliy “Khaama Press” agentligi.
Tashkilotchilardan biri Doni Safiy so‘zlariga ko‘ra, harakat “fuqarolar, ayniqsa, ayollarning asosiy huquqlarini himoya qilishga qaratilgan”.
“Biz bu kompaniyani ayollarga nisbatan adolatsizlik va tengsizlikka qarshi kurashish uchun boshladik”, dedi u.
Safiyning aytishicha, harakat tarafdorlari safida o‘qituvchilar va bir necha davlat xizmatchisi bor.
“Jamiyat faqat ayollarning ishtiroki bilan rivojlanishi mumkin. Xotin-qizlar mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin egallashi mumkin bo‘lishiga qaramay, muvaqqat hukumat ularga ruxsat bermayapti”, deb fikr bildirdi Safiy.
Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda mamlakatning 28 million aholisi insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lishi, mamlakat ayollarining yarmi esa jiddiy ochlikdan aziyat chekishi haqida aytilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘onistondagi ayollarning o‘z yurtida quvg‘inga uchrayotgani, ularning haq-huquqlari poymol etilayotganini xavotir bilan ta’kidlagan edi.
O‘zA