Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Afgʻoniston boʻyicha xalqaro anjuman
16:34 / 2020-07-24


Joriy yilning 21-iyul kuni Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va Afgʻoniston Islom respublikasida ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan xalqaro onlayn-konferensiya boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda GFR, Pokiston, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistondagi tahliliy va tadqiqot markazlari rahbarlari va yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.

Konferensiyada Afgʻoniston Islom Respublikasidagi nizoni tinch yoʻl bilan tartibga solish va Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklashda Markaziy Osiyo mamlakatlarining roli masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov tadbirni ochib berar ekan, soʻnggi paytlarda Afgʻoniston va uning atrofidagi nizoni hal etish uchun ijobiy sharoitlar shakllanayotgani va bu Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikka erishishda mustahkam asos boʻlib xizmat qilishini alohida qayd etdi.

Birinchidan, Afgʻoniston muammolarini hal etish tamoyillari va yondashuvlari boʻyicha mintaqaviy va jahon kuchlari oʻrtasidagi konsensus sezilarli darajada kuchaydi, bu oʻz navbatida ushbu mamlakatda tinchlik jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Bu, shuningdek, 2018-yil mart oyida Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiya yakunida qabul qilingan hamda ilk marotaba Afgʻoniston hukumati va “Tolibonlar” Harakati oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarni boshlash zarurati toʻgʻrisidagi global va mintaqaviy darajada birlashgan pozitsiyani mustahkamlagan Toshkent deklaratsiyasi qoidalarining hayotga izchil tadbiq etilishi natijasidir.

Ikkinchidan, tarixiy hujjatlar - AQSH va “Tolibonlar” Harakati oʻrtasida tinchlik kelishuvi hamda Afgʻoniston siyosiy yetakchilarining inklyuziv hukumat va Oliy Milliy yarashuv kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Bu Afgʻoniston inqirozini tezroq hal etish borasidagi muhim qadamlardan biridir. Ayni damda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish eng avvalo, Afgʻoniston ichidagi barcha siyosiy kuchlarning tinchlik jarayoniga jalb qilinishiga bogʻliq. Faqat inklyuziv siyosiy jarayonni taʼminlash orqaligina mamlakatda umummilliy yarashuvga erishish mumkin.

Uchinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan holda, ochiq va izchil yuritayotgan tashqi siyosati tufayli mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlarining yuksak darajada birlashuvi mintaqadagi dolzarb muammolarni birgalikda hal qilish uchun zarur sharoitlar yaratmoqda, Yevroosiyo makonida barqaror taraqqiyot va xavfsizlik masalalarini samarali tarzda ilgari surishga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Akramjon Neʼmatovning qayd etishicha, bugungi kunda MO mamlakatlarida Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha yagona konsensusga erishilgan. MO mamlakatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va Afgʻonistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishishga koʻmaklashish boʻyicha qatʼiy istagi oʻtgan yili Toshkentda boʻlib oʻtgan MO mamlakatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qabul qilingan MO davlatlari rahbarlarining Qoʻshma bayonotida oʻz ifodasini topdi. Ushbu muhim hujjatda mintaqa mamlakatlari Afgʻonistondagi nizoni siyosiy tartibga solish tamoyillari – zoʻravonlikdan voz kechish, oʻq otishni toʻxtatish, muzokaralar va murosaga tayyor boʻlish tarafdori ekanliklari qayd etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori birinchi oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, mintaqada barqaror rivojlanish istiqbollari qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikka erishish bilan bevosita bogʻliqligini inobatga olganda, MO davlatlari qoʻshni mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy va infratuzilma loyihalariga jalb qilish boʻyicha har tomonlama harakat qilmoqda. Uning qayd etishicha, Afgʻonistonni qoʻshni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalariga integratsiyalash Afgʻonistondagi vaziyatni normallashtirishga katta hissa qoʻshadi, Yevroosiyo kontinetidagi barcha davlatlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Germaniyaning Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi mintaqaviy vakili Ronni Xayne Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solishda mintaqaviy darajadagi oʻzaro kelishuv va konsensusga erishish muhim rol oʻynashini qayd etdi. Shu bois, germaniyalik ekspert Oʻzbekistonning yuritayotgan mintaqaviy siyosati tufayli MO mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlar, jumladan Afgʻoniston yoʻnalishi boʻyicha munosabatlarning faollashuvi kuzatilayotganini qayd etdi.

Qirgʻiziston Strategik tadqiqotlar Milliy instituti direktor oʻrinbosari Ayday Temikeyevaning fikricha, pandemiyaning salbiy oqibatlari sharoitida Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega, chunki muammoni hal etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar barqarorligi va samaradorligi koʻp jihatdan Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga bogʻliq. Qirgʻizistonlik ekspertning qayd etishicha, bu sharoitda Oʻzbekistonning iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini hamkorlikda – amalga oshirish toʻgʻrisidagi tashabbuslari va takliflari juda muhim.

Ilgari Afgʻoniston togʻ-kon va neft sanoati vaziri lavozimida ishlagan, hozirda “Tinchlik va demokratiya yoʻlida tenglik” nohukumat tashkiloti direktori Nargis Nexanning qayd etishicha, Oʻzbekiston tomonidan qabul qilinayotgan siyosiy va iqtisodiy chora-tadbirlar Qobulda toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda. Afgʻonistonlik ekspertning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonning MO da oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarni chuqurlashtirishga yoʻnaltirilgan mintaqaviy siyosati Afgʻoniston va mintaqa mamlakatlari oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ekspert, Afgʻonistonning MO mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini rivojlantirishdan manfaatdorligini maʼlum qilgan holda, mintaqa davlatlari tomonidan Afgʻonistonda ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda yagona yondashuvni ishlab chiqish muhimligini taʼkidladi. Bu qoʻshni mamlakat uchun iqtisodiy rivojlanish dasturlarining samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Pokiston Siyosat va xalqaro munosabatlar Universiteti professori Zafar Djaspalning qayd etishicha, AQSH va “Tolibonlar” harakati oʻrtasida imzolangan tinchlik bitimi keng qamrovli tinchlikka erishishda muhim omil hisoblanadi. Ekspertning soʻzlariga koʻra, jangovar harakatlarni toʻxtatish uchun nafaqat qarama-qarshi tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishish, balki ish oʻrinlarini tashkil etish, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash zarur.

Shu nuqtayi nazardan, pokistonlik ekspertning fikricha, MO mamlakatlari bilan hamkorlikni faollashtirish Afgʻonistonda barqaror rivojlanishni taʼminlashda ajoyib imkoniyat hisoblanadi.

Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Afgʻonistondagi vakolatxonasi rahbari Ellinor Zeynoning qayd etishicha, Berlin Toshkentning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga koʻmaklashishga qaratilgan mintaqaviy siyosatini qoʻllab-quvvatlaydi. Germaniyalik ekspertning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonda transport, energetika va taʼlim sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar GFR da katta qiziqish uygʻotmoqda.

Qozogʻiston Respublikasi Prezident huzuridagi Strategik tadqiqotlar institutining bosh ilmiy xodimi Murat Laumulinning soʻzlariga koʻra, Afgʻonistondagi vaziyatni tubdan oʻzgartiradigan har qanday ssenariy mintaqadagi kuchlar muvozanatini qayta tiklash uchun kuchli jarayonlarning katalizatori boʻlib xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan Afgʻoniston muammosi MO xavfsizligi uchun muhim hisoblanadi. Qozogʻistonlik ekspertning fikricha, Afgʻonistondagi nisbiy barqarorlikka faqat Afgʻonistonda kurash olib borayotgan barcha tomonlar ishtirokida mamlakatni siyosiy tartibga solish orqaligina erishish mumkin.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazining boshqarma rahbari Xurshed Dodixudoyev Afgʻonistonni MOdagi qoʻshni davlatlar bilan iqtisodiy integratsiyasi muammosini koʻrib chiqar ekan, bu yoʻnalishda hali amalga oshirilmagan katta salohiyat borligiga eʼtiborni qaratdi. Uning soʻzlariga koʻra, mintaqadagi mamlakatlarda, eng avvalo chegaradosh Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmanistonda mavjud boʻlgan resurslar Afgʻonistondagi koʻplab iqtisodiy muammolarni hal etishga yordam berishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markaz rahbari Baxtiyor Mustafoyevning soʻzlariga koʻra, Afgʻonistonni siyosiy tartibga solish bilan birga MO davlatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirish ham, Afgʻoniston Islom Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtirishda muhim omil hisoblanadi. Ekspertning qayd etishicha, Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining Afgʻoniston siyosatida iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni ustuvor yoʻnalishlardan deb belgiladi.

Ekspertning fikricha, “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻli hamda “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasining qurilish loyihalarining amalga oshirilishi Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash va rivojlantirishga katta hissa qoʻshishi mumkin. Yuqoridagi loyihalarning amalga oshirilishidan Afgʻoniston bilan qoʻshni boʻlgan deyarli barcha davlatlar iqtisodiy foyda oladi. “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlining ishga tushishi samarasida, MO davlatlari Pokistonning Gvadar portiga; Pokiston – MO va MDH mamlakatlariga chiqish imkoniga ega boʻladi; Xitoy Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan transport harakatlanish uzunligini qisqartirish imkoniga ega boʻladi. Kelgusida Hindiston ham bu loyihaga qoʻshilishi mumkin.

Oʻz navbatida, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi Qobulni MOdagi yagona energetika tizimiga ulash imkonini beradi, bu mintaqa mamlakatlari, eng avvalo Tojikiston va Qirgʻizistonga elektr energiyani CASA-1000 loyihasi doirasida Afgʻoniston, Pokiston va Hindistonga yetkazish imkoniyatini taqdim etadi.

B.Mustafoyevning qayd etishicha, eng muhimi, iqtisodiy rivojlanish boʻyicha transmintaqaviy dasturlar Markaziy va Janubiy Osiyoda oʻzaro bogʻliqlik va barqaror rivojlanishni kuchaytirishda muhim omil boʻladi.

Onlayn konferensiya yakunlari ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirish Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatilishiga xizmat qilishini yana bir bor namoyon etdi.