O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yadroviy qurilmani joylashtirish uchun maydoncha tanlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, muqobil energiya manbalarini joriy etish hamda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish orqali mamlakatimiz energetika sohasini diversifikatsiya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 25-moddasiga muvofiq atom elektr stansiyasini qurish loyihasi amalga oshiriladigan hududning chegaralari tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi Loyihani amalga oshirishda:
belgilangan hudud chegaralaridan chiqmaslikni;
2026 yil 1 iyulga qadar qo‘shimcha muhandislik tadqiqotlar o‘tkazilishini;
hududdagi tabiiy muhit komponentlarini kompleks rejimli kuzatuv (monitoring) ishlari amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Loyihani amalga oshirish davrida loyiha hujjatlari ekspertizadan belgilangan tartibda, zarur hollarda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” 2018 yil 13 oktyabrdagi PQ-Z969-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamda Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurish borasidagi hamkorlik to‘g‘risida 2018 yil 7 sentyabr kuni Moskva shahrida (Rossiya Federatsiyasi) imzolangan Vitim tasdiqlangan;
Jizzax viloyatining Forish tumani “Qizilqum” MFY hududidagi “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimiga kiruvchi “Tuzkon” ko‘li yaqinidagi 1 105,2 ga yer maydoni o‘tkazilgan muhandislik-qidiruv ishlari natijasiga asosan atom elektr stansiyasini joylashtirish uchun ustuvor maydoncha etib belgilangan edi.
O‘zA