O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Qaror bilan:
Nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilgan aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalar ro‘yxati;
Yangi nom berilgan aeroport, avtovokzallar va avtostansiyalarning ro‘yxati tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, 161 ta ob’ektning nomi davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq o‘zgartiriladi, 21 ta ob’ektga esa yangi nom beriladi.
Endi normativ-huquqiy hujjatlar, ish yuritish hujjatlari, xaritalar va xizmat yozishmalarida ushbu qaror bilan tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi.
Transport vazirligi “Uzbekistan Airports” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari uch oy muddatda aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalar nomlarining davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilishi hamda yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritadi.
Aeroportlar, avtovokzallar va avtostansiyalarda o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlanadi.
O‘zA