Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aeronavigatsiya muammolari Samarqandda muhokama qilinmoqda
18:41 / 2023-05-01

Samarqand shahrida Yevropa va Shimoliy Atlantika – ICAO guruhining aeronavigatsiya xizmatlarini joriy etish va uchuvchisiz tizimlar parvozlarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan 6-xalqaro yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan tadbirda Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Rossiya, Fransiya, Turkiya, Moldova, Armanistondan soha mutaxassislari va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

– So‘nggi yillarda O‘zbekistonning aviatsiya tizimi jadal rivojlanmoqda, – deydi ICAOning Yevropa mintaqasi bosh kotibi Sven Xall. – Bir qator aeroportlar rekonstruksiya qilindi, yangi aviakompaniyalar tashkil etilmoqda. Parvozlar geografiyasi kengaytirilib, mamlakat aeronavigatsiya tizimi modernizatsiya qilindi. “O‘zaeronavigatsiya” markazi tomonidan havodagi kenglikdan foydalanish va harakatni boshqarishda boshqalar ham o‘rganadigan jihatlari juda ko‘p. Shuning uchun ham bu galgi yig‘ilishimiz uchun O‘zbekiston tanlandi. Besh kunlik forum davomida ekspertlarimiz tomonidan uchuvchisiz qurilmalar va dronlar haqida ma’lumotlar beriladi, sohada qo‘llanilayotgan innovatsion yangiliklar taqdimotlarini o‘tkazamiz.  

– O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lganiga 30 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da shu paytgacha bu kabi tadbirlar o‘tkazilmagan edi, – deydi “O‘zaeronavigatsiya” markazi direktori Doniyor Jumayev. – Fuqaro aviatsiyamizda yangi davr boshlangach, respublikaning barcha hududlarida havodagi harakatni boshqarish tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilishning yagona, aniq bir maqsadga qaratilgan siyosatini olib borish imkoniyati paydo bo‘ldi. Mamlakatimiz ham ICAO - Yevropa va Shimoliy Atlantika byurosi tarkibiga kiradi. Mazkur xalqaro tashkilot a’zo davlatlarni bevosita qo‘llab-quvvatlab, ular faoliyatini muvofiqlashtirib keladi.  

Tadbirda har bir davlatdan kelgan mutaxassislar parvozlar oqimini boshqarish borasidagi o‘z tajribalari haqida ma’lumot bermoqda.  

– bugungi kunda Yevropadan amalga oshirilayotgan minglab parvozlar O‘zbekiston osmonidan o‘tadi, – deydi “Evaair” havo harakatini boshqarish kompaniyasi eksperti, Yevronazorat menejeri Dragisa Stankovich. – Shu sababli yig‘ilishimiz yurtingizda o‘tkazilishida muhim asos bor. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan fuqarolik aviatsiyasi sohasi mutaxassislari sohada paydo bo‘lgan muammolarga birgalikda yechim topishga harakat qilyapmiz, hamkorlikni yanada kengaytirish niyatidamiz. Chunki aviatsiyada ham, aeronavigatsiya sohasida ham hali birgalikda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p.  

Mazkur forum O‘zbekistonning xalqaro fuqaro aviatsiya jamiyatidagi milliy aeronavigatsiya xizmatlari tizimining mavqeini oshirish, sohada erishilgan yutuqlar, so‘nggi innovatsiyalar va ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot va fikr almashishga yordam berishini ta’kidlamoqda ekspertlar.

G‘.HASANOV,  

O‘zA