Endi advokatlar idorama-idora yurmaydi, balki onlayn litsenziya oladi.
Ular bor kuchini fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlarini himoya qilishga sarflaydi.
Davlatimiz rahbari 2022 yil 30 mayda imzolagan “Advokatura sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror bunga imkoniyat yaratadi.
Mazkur hujjat asosida joriy etilayotgan yangiliklar advokatlar samarali faoliyat yuritishi uchun qanday qulayliklar yaratadi?
Bu haqda Adliya vazirligi Huquqiy xizmat ko‘rsatishni tartibga solish boshqarmasi bosh maslahatchisi Yoqutxon Yusupova quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Ma’lumki, advokatlar litsenziya asosida faoliyat yuritadi. Buning uchun ular tegishli idoralarga murojaat qilib, ma’lum talablarni bajarib kelgan. Endilikda qaror bilan advokatlik faoliyati uchun litsenziyalar elektron tartibda beriladi. Ya’ni advokat bo‘lish uchun endi idorama-idora yurish shart emas.
Malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish, advokatlik byurosini ro‘yxatdan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Amaldagi tartib bo‘yicha malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish, advokatlik byurosini ro‘yxatdan o‘tkazish, advokatlik guvohnomasini olish uchun alohida-alohida 4 marta vakolatli organga ariza bilan murojaat qilinar, hujjatlar esa qog‘oz shaklida topshirilar edi.
Endilikda ushbu xizmatlar bir marotaba elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ya’ni, advokat malaka imtihoni uchun ariza berib, imtihonni muvaffaqiyatli topshirsa, uning hujjatlari malaka komissiyasi tomonidan elektron tizim orqali litsenziyalovchi organga yuboriladi.
Mazkur organ litsenziya berganidan so‘ng advokat o‘z arizasida advokatlik byurosini tashkil qilishni so‘ragan bo‘lsa, uning byurosi ro‘yxatdan o‘tkazilib, advokatlik guvohnomasi ham beriladi.
Advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “Yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshirilishining belgilangani advokatlarning davlat organlaridan mustaqilligini ta’minlaydi. Bir necha xizmatlardan foydalanish uchun qayta-qayta vakolatli organlarga murojaat qilish amaliyoti bartaraf bo‘ladi.
Bundan tashqari, qaror bilan “Yuridik yordam” axborot tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Mazkur axborot tizimi advokat so‘rovini elektron yuborish, elektron tartibda advokat orderini olish, advokatlar, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashishni samarali yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.
Advokatning elektron shaxsiy kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatishiga ham yo‘l ochadi.
Qaror bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini yo‘lga qo‘yish ham belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilik bo‘yicha surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning himoyachi tayinlash to‘g‘risidagi qarori yoki sudning ajrimiga binoan Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan davlat hisobidan ishtirok etadigan advokatlik tuzilmasi tanlanadi.
Endilikda bu tartibning elektron tizim orqali amalga oshirilishi bir advokatning qayta-qayda davlat hisobidan ishtirok etishini bartaraf etadi. Davlat hisobidan advokat ishtirok etadigan ishlarning barcha advokatlar o‘rtasida teng taqsimlanishiga imkon beradi.
Mazkur qaror ijrosi advokaturaga kirishdagi byurokratik to‘siqlar, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etadi. Sohaning yanada rivojlanishi va advokatlar faoliyatini yengillashtirishga yordam beradi.
Muhimi, fuqarolarning himoya huquqini ta’minlash tizimida yangi, zamonaviy bosqich boshlandi.
N.Abduraimova, O‘zA