O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.
Mamlakatimizdagi tub islohotlar davrida advokatura institutiga fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi sifatida tobora mas’uliyatli va muhim vazifalar yuklanmoqda. Xususan, davlatning huquqiy siyosatni amalga oshirish va fuqarolarning huquqiy savodxonligini tashkil etish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish borasida advokatura muassasalari faoliyati o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Qarorda ularning ushbu yo‘nalishdagi ishlarini yanada rivojlantirish bilan birga, hozirgi sharoitda advokatura faoliyatida ortiqcha sansalorlik, byurokratiya hamda qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, uning faoliyatida sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish uchun sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadi ilgari surilgan.
Ta’kidlash joizki, advokaturada raqamli texnologiyalar yordamida faoliyatni muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun zarur qonunchilik bazasi shakllanmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot Strategiyasida ko‘rsatib o‘tilgan islohotlarni to‘laqonli amalga oshirish va belgilangan maqsadlarga erishishda advokaturaning institutsional asoslari va faoliyatini raqamlashtirish jarayoni hozirgi vaqtda zamon talablariga yetarlicha javob bera olmayapti.
Xususan, hozircha faqatgina ayrim yo‘nalishlarga qisman raqamli texnologiyalar kiritilishini aytish mumkin. Shuning uchun ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalar amalga oshirilishining tizimliligi va izchilligini ta’minlash, buning doirasida advokatura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjud.
Qayd etish lozimki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davlatlar advokatura faoliyati yuksak ravishda rivoj topgan. Aytish lozimki, raqamli texnologiyalarni advokatura, shu jumladan, advokatlik tuzilmalari turli yo‘nalishdagi faoliyatiga (misol uchun, advokatlik maqomini olish, litsenziyalash, imtihon va malaka oshirish, masofaviy ravishda maslahatlar berish, hattoki tergov harakatlarida qatnashish) joriy etish konsepsiyasi ilg‘or xorijiy mamlakatlar – AQSH, Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Kanada kabi davlatlar tajribasida samarali qo‘llanadi.
Shu ma’noda advokatlik tuzilmalari nufuzini yuksaltirish, fuqarolarning yuridik yordam olishga doir huquq va manfaatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun to‘sqinlik qilayotgan byurokratik holatlarni yo‘qotish, raqamli texnologiyalar asosida advokatlik xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil etish va ularning sonini izchillik bilan oshirib borish, shu jumladan, litsenziyalash tartib-taomillar sohasini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida takomillashtirish kabi vazifalarni bajarish zamon talabidir.
Shunga ko‘ra, qarorda advokatura tuzilmalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda ularning yuridik yordam ko‘rsatish xizmatlarini raqamlashtirish orqali «Yuridik yordam» tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.
RAQAMLASHTIRISH JARAYONI...
Bundan tashqari, raqamlashtirish jarayoni davomida:
advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berishni «Litsenziya» axborot tizimi orqali amalga oshirish;
advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatishni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali «yagona darcha» tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshirish;
2023 yil 1 yanvardan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi «Yuridik yordam» axborot tizimini ishga tushirish kabi muhim vazifalar belgilanadi. Ta’kidlash lozimki, notarial idoralar va notariuslardan farqli ravishda advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish yuzasidan ishlar shu vaqtgacha munosib darajada tashkil etilmay qolayotgan edi.
Ma’lumot uchun, biroz vaqt oldin hukm surgan pandemiya sharoitida notariuslar masofaviy shaklda ham o‘z funksiyalarini amalga oshirib kelgan edi. Vaholanki, advokatlar bu vazifani o‘zlari mustaqil ravishda, hech qanday tizimsiz, istagan shaklda va ko‘rinishda amalga oshirib kelgan.
Qarorda advokatura faoliyatini raqamlashtirish yo‘nalishida yana bir muhim talab qo‘yiladi. Unga ko‘ra, advokatlik faoliyatida ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida muvofiq 2023 yil 1 fevraldan boshlab advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan an’anaviy shakldagi order maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi»ni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, qarorda advokatlik tuzilmalari faoliyatiga raqamli texnologiyalar joriy etilishi hisobiga advokatlik tuzilmalaridan statistik ma’lumotlarni an’anaviy shaklda yig‘ish bekor qilinib, statistik ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi. Ayni chog‘da, surishtiruvchi, tergovchi va prokuror, sudya uchun o‘ziga xos bosh og‘riqqa aylangan davlat hisobidan himoyachini tanlash va tayinlash jarayonida ham jiddiy o‘zgarish yuz berdi. Ya’ni, endilikda (2023 yil 1 fevraldan boshlab) davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Sir emaski, yuridik xizmat va umuman,advokatlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘lsa-da, ularning sifati va ish natijalari borasida ba’zida fuqarolardan asosli e’tirozlar kuzatiladi. Ushbu vaziyatlarning oldini olish, yuridik yordam sifatini oshirish, advokatlar bilimi va malakasini oshirish tizimiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali huquqni qo‘llash amaliyotini birxillashtirish va malakali yuridik yordamni kafolatlash maqsadida advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qarorda, shuningdek boshqa bir qator tashkiliy-huquqiy tusdagi masalalar ko‘zda tutilgan. Jumladan, Adliya vazirligi «Yuridik yordam» axborot tizimining boshqa axborot-kommunikatsiya tizimlari bilan integratsiya qilinishi, uning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi ta’minlanishi hamda advokatlik siri oshkor etilmasligini ta’minlash uchun mas’ul davlat boshqaruvi organi etib belgilangan. Bundan tashqari, Adliya vazirligi Advokatlar palatasi bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar advokatlarning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirish dasturlariga advokatlarning raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish masalalarini kiritilishi choralarini ko‘rishadi.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, qarorning qabul qilinishi advokatlik tuzilmalari faoliyatida zamon talabi bo‘lmish raqamli texnologiyalar joriy etish ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, malakali va sifatli yuridik yordam olishga bo‘lgan fuqaro va tashkilotlarning manfaatlarini ta’minlash, advokatura faoliyatiga oid qonunchilik va amaliyotni takomillashtirish, asosiysi, advokatura oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri – fuqarolik jamiyatida huquqiy yordam ko‘rsatishni amalga oshirishda zamonaviy raqamli mexanizmlarni qo‘llashga imkon beradi.
Otabek Bobojonov,
TDYUU Magistratura va sirtqi ta’lim fakulteti dekani, dotsent