2023 yil 8 mayda davlatimiz rahbarining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Mazkur hujjat mazmuni va ahamiyati haqida Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Maqsudali Bozorov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Farmonga asosan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 142-moddasi talablaridan kelib chiqib, jinoyat protsessida himoyachining maqomini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha huquq va vakolatlar berilmoqda.
Ya’ni, surishtiruv va dastlabki tergov vaqtida himoyachi tomonidan istalgan vaqtda jinoyat ishini qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarorlardan nusxa olishi mumkinligi belgilanmoqda. Ko‘rsatmalarni oldindan mustahkamlab qo‘yish uchun advokat sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri iltimosnoma kiritishi mumkin.
Tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgan shaxslarga malakali yuridik yordamdan foydalanish huquqini kafolatlash maqsadida tergovga qadar tekshiruv jarayonida himoyachi maqomida ishtirok etish huquqi mustahkamlanmoqda.
Ish bo‘yicha shartnoma asosida sud ekspertizalari o‘tkazilishini va zarur bilimga ega mutaxassislar jalb qilinishini tashkillashtirish, jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumotlarga ega shaxslarni so‘rovdan o‘tkazishda ularning roziligi bilan maxsus texnika vositalaridan foydalanish kabi qator qo‘shimcha huquqlar berilmoqda.
Advokatlarga mazkur huquqlarning berilishi jinoyat protsessida ularning huquqlarini kengaytirgan holda jinoyat sudlarida tortishuv instituti tamoyilining to‘laqonli amalga oshishiga yo‘l ochadi. Advokatning himoyasi ostidagi shaxslarni to‘liq himoya qilishiga imkon beradi. O‘z navbatida, shu orqali odil sudlovni ta’minlash darajasi oshadi.
Aytib o‘tish kerakki, 2022 yilning 3 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, advokatlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida yana bir qancha huquqlarga ega bo‘ldi.
Jumladan, iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda (jinoyat ishi yuritiluvidan boshqa holatlarda) ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza o‘tkazilishini so‘rash, shuningdek, ekspertiza xulosasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi shular jumlasidan.
Bugungi kunda mazkur huquqlarni (jinoyat ishidan boshqa holatlarda) advokatlarga berilganligiga bir yil muddat bo‘lmagan bo‘lsada, bu o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda.
Advokat tomonidan tayinlanadigan sud ekspertizaning afzalligi shundaki, bunda advokat shaxsan hal etilishi lozim deb topgan savollarni ekspertlar oldiga qo‘yish va ushbu savollar asosida xulosa olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu esa, sudda, aynan jinoyat sudlarida ham tortishuv instituti tamoyili to‘laqonli amalga oshishi hamda qo‘shimcha dalillarning ko‘payishi orqali odil sudlovni ta’minlashdek ezgu maqsad ro‘yobga chiqishiga mustahkam zamin yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA