Ijtimoiy tarmoqlarda “Advokatga nisbatan zo‘ravonlik ishlatildi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.
Advokatlar palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi vaziyatni o‘rganib, advokatga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan tazyiq o‘tkazilgani, zo‘ravonlik va jarohat yetkazilganini aniqlagan.
Mazkur holatlari bo‘yicha munosabat bildirishni so‘rab Toshkent shahar prokurori va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘iga rasmiy xat bilan murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi "Barrister" advokatlik firmasi advokati A.Sh. 2025 yil 12 fevral kuni himoyasi ostidagi shaxsga tegishli xonadonda Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant B.K. tomonidan tintuv o‘tkazilayotganidan xabar topgan.
Buni unga himoyasi ostidagi shaxsning turmush o‘rtog‘i qo‘ng‘iroq qilib aytgan. Advokat u yerga borganida tergovchi B.K. tintuvni qilayotganini ko‘rgan. Shunda u uy egasidan “tergovchi sizni tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi sud ajrimi bilan tanishtirdimi?” deb so‘raganida u “yo‘q, meni tanishtirmasdan uyimga kirib, tintuv boshladi”, deb javob bergan.
Advokat tergovchiga darhol qonun doirasida sud ajrimi bilan tanishtirishi kerakligi haqida aytgan. Shunda tergovchi qo‘pol muomalada bo‘lgan va “kimga shikoyat qilsangiz qiling, men tanishtirmayman”, degan va advokatdan darhol xonadondan chiqib ketishini talab qilgan. Aks holda profilaktika inspektoriga buyurib, kuch bilan chiqarishini aytgan.
Shunda advokat “uy egasi ajrim bilan tanishtirilganidan keyingina chiqib ketaman”, deb aytgan. Tergovchi o‘zbek tilida yozilgan sud ajrimini o‘qishni boshlaganida uy egasi o‘zbek tilini tushunmasligini aytgan. Shunga qaramay u “o‘zim tarjima qilib beraman, kerak bo‘lsa”, degan.
Tergovchi jahl bilan advokatni qo‘li bilan itarib, ichki ishlar bo‘limi xodimlariga uni olib chiqishlarini aytgan. Yashnobod tumani ichki ishlar organi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari unga kuch ishlatib, qo‘lidan ushlab, siqib, xonadondan itarib chiqargan. Shunda uning qo‘liga yengil jarohat yetkazilgan.
Advokatlar palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tegishli organlarga yuborilgan murojaatlar javobini ma’lum qilishi haqida xabar berdi. Shu bilan birga, advokatlarning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularga tazyiq o‘tkazish yoki kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishini qat’iyan qoralashini bildirdi.
Mavzuga yana qaytamiz. Bu masalada Toshkent shahar prokurori va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i qanday javob berar ekan?
N.Abduraimova, O‘zA