Sirdaryo viloyatida advokatura va notariat tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan adliya boshqarmasi, notarial idoralar hamda advokatlar palatalari hamkorligida o‘tkazildi. Seminar doirasida advokatura institutining takomillashtirilishiga oid Qonun loyihasi hamda Prezidentning 2025-yil 9-sentyabrda qabul qilingan “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori atroflicha muhokama qilindi. Mutaxassislar ishtirokchilarga hujjatning maqsad va vazifalarini, uning huquqiy sohada yaratadigan imkoniyatlari hamda amaliy qo‘llanish tartibini tushuntirib berdilar.

– Bugungi muhokamalarda soha oldida turgan eng muhim masala — aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishdir, – deydi viloyat adliya boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Sherdor Rasulov. – Prezident qarorida notariat tizimida raqamli xizmatlarni kengaytirish, advokaturada esa shaffoflik va malaka oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda yangi bosqichga chiqishimiz uchun mustahkam asos bo‘ladi.

Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Furqatjon O‘roqov seminarning ahamiyatini ta’kidlar ekan, quyidagicha fikr bildirdi: – Seminarning asosiy maqsadi — qonunchilikdagi yangiliklarni amaliyotchilarga yetkazish, ularni kundalik faoliyatda qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirishdir. Shu bilan birga, advokatlar va notariuslar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, huquqiy xizmat ko‘rsatishda yagona yondashuvni yo‘lga qo‘yish ham dolzarb ahamiyatga ega. Biz advokatlar palatasi sifatida, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yangi islohotlarning amaliy samara berishiga intilamiz.

Seminarda shuningdek, adliya boshqarmasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Yosh advokatlar akademiyasi” loyihasi ham taqdim etildi. Loyiha orqali yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy huquqiy amaliyotga jalb etish, tajribali advokatlar bilan doimiy muloqot va tajriba almashish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida takliflar bildirib, qonunchilik va amaliyotdagi o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA