Mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan “Infolib O‘zbekiston – 2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Adras. Kecha, bugun ..” mavzusida davra suhbati hamda milliy liboslar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti olimlari, professorlari, dizaynerlari tomonidan keyingi yillarda milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash, ayniqsa milliy mato sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan usta va hunarmandlar faoliyatiga e’tiborni yanada kuchaytirish, ularning mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ma’lumki, adras to‘qish texnologiyasi g‘oyat murakkab, hunarmanddan katta qunt va sabotni, imkon qadar tabiiy xomashyolardan foydalanishni talab etadigan mashaqqatli mehnatdir.
Marg‘ilonda milliy mato to‘qish bo‘yicha izlanayotgan usta va hunarmandlar bu sohani yuksak san’at darajasiga olib chiqishga erishganlar. Bu esa xorijliklarning adras to‘qish texnologiyasiga bo‘lgan qizqishi va e’tiborining tobora ortishida muhim omildir. Shu sababli ham Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi – adras va atlas to‘qish san’ati, bu boradagi ilg‘or tajribalar 2017 yilda YUNESKO Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Tadbirda Marg‘ilon shahridagi hunarmandlik markazi bilan Zoom orqali bog‘lanib, mazkur san’atning o‘ziga xosliklari xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mazkur markaz hunarmandlarining mashaqqatli mehnati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan yosh dizaynerlar ijodiga oid milliy liboslar namoyishi barchaga manzur bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA