Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar izchil va aniq maqsadlar yo‘lida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 21 avgustida Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmon ushbu jarayonlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Mazkur farmon asosida qabul qilingan “Raqamli sud” konsepsiyasi mamlakatimiz sud tizimini raqamlashtirish, samaradorligini oshirish va odil sudlovni ta’minlashga yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi. Endi sud ishlari qog‘ozsiz va to‘liq elektron shaklda yuritiladi, bu esa ishlarni tezkor va shaffof tarzda ko‘rib chiqish imkonini beradi. Sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida sud xarajatlari va sud muhokamasining ehtimoliy natijasi oldindan tahlil qilinib, sud majlislarida masofaviy ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda.

Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun sudlarga murojaat qilish, hujjatlar yuborish, ish materiallari bilan onlayn tanishish va hatto bayonnomalarni real vaqtda avtomatik tayyorlash kabi xizmatlar raqamli formatga o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, “my.sud.uz” interaktiv platforma orqali huquqiy maslahatlar, virtual maslahatchi va boshqa innovatsion xizmatlar joriy etiladi. Bu esa jamoatchilik uchun sud jarayonlarini yanada ochiq va tushunarli qilishda muhim ahamiyatga ega.
Sud tizimini zamonaviy texnik baza bilan ta’minlash va sudyalar hamda sud xodimlarining raqamli savodxonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham farmonda alohida qayd etilgan.
Shuningdek, “Kiber huquq” sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ham keng yo‘lga qo‘yiladi. Sud binolarini qurish va ta’mirlash ishlari, “Raqamli sud” talablariga mos sud zallarini yaratish 2025–2030 yillarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Toshkentdagi tajribaviy loyiha esa 2026–2027 yillarda butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi.
Umuman olganda, “Raqamli sud” tizimini joriy etish nafaqat sudlar faoliyatida samaradorlik va shaffoflikni oshiradi, balki inson xatolarini kamaytiradi, adolatni ta’minlashda zamonaviy texnologiyalarning o‘rnini mustahkamlaydi. Bu esa yurtimizning huquqiy sohasidagi islohotlari tarixida yangi va muhim sahifa ochilishi demakdir.
Prezidentimizning yuqorida nomlari zikr etilgan farmoni orqali amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar — odil sudlovning raqamli zamon talabi darajasida yanada takomillashuvi, inson huquq va erkinliklarini mustahkam himoya qilish, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladigan muhim dasturdir.
Akram Shukurov,
Jizzax viloyat sudi raisi
O‘zA