Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolatning asosiy to‘sig‘i korrupsiyadir
16:22 / 2022-06-06

Yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. E’tiborli tomoni, taraqqiyot kushandasi hisoblangan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘ta muhim amaliy qadamlar tashlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatining dastlabki davridanoq jamiyat va davlat taraqqiyotining dushmani bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashga otlanganligi va bu harakatga barchamizni jalb etishga chaqirganligi ham bejiz emas. 2017 yilning 4 yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” gi qonun kuchga kirdi. To‘g‘ri, bu ijtimoiy illatga qarshi kurash ancha ilgari boshlangan edi. Lekin mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim asos yaratdi. 

Shundan so‘ng, korrupsiyaga qarshi kurashishda bir qator amaliy choralar ko‘rildi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashning tamomila yangi mexanizmlari joriy etila boshlandi. Har bir vazirlik va idoralarda, shu jumladan, hokimliklarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida tuzilma – komplayens-nazorat tuzilmalari tashkil etildi, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etildi. Shu kabi o‘zgarish va islohotlarni, aksilkorrupsiya siyosatini joylarda ham samarali tatbiq etish maqsadida 2021 yilda barcha viloyatlarda Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘lami kengayib bormoqda va jamiyatimizning barcha jabhalarini qamrab olmoqda. Buni sud statistikasi ham tasdiqlaydi. Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda joriy yilning besh oyi davomida korrupsiya bilan bog‘liq jami 484 shaxsga nisbatan 258 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 2021 yilning besh oyida ushbu ko‘rsatkich 295 nafar shaxsga nisbatan 163 ta jinoyat ishini tashkil qilgan. O‘tgan yilga nisbatan ushbu toifadagi ishlarning soni 95 taga yoki 58 foizga, shaxs soni esa 189 nafarga yoki 64 foizga oshgan. Javobgarlikka tortilganlar orasida 53 nafari ayol, 69 nafari yoshlar, 19 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslardir. Ushbu raqamlar sudlarni tashvishga solmoqda, chunki maqsadimiz – korrupsiyasiz jamiyat qurishda yoshlarning faolligini oshirish, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqiy ta’lim va tarbiyani kuchaytirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaning oqibatlarini hayotiy misollar va ta’sirchan vositalar orqali tushuntirish hisoblanadi. Biroq, 69 nafar yoshlar korrupsiyaga qo‘l urganligi barchamizni tashvishlantirishi lozim, yosh avlodni tarbiyasiga alohida e’tibor berib, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashimiz kerakligini unutmasligimiz darkor. 409 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlab hukm chiqarilgan. 105 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Jinoyat kodeksi 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 4-qismi va 168-moddasi (firibgarlik) 5-qismida, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan. Bu norma yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini qoplashga xizmat qiladi va ushbu institut yillar davomida samaradorligini isbotladi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish ham korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan, jinoyat qonunchiligida ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarni muddatidan oldin shartli ozod qilish yoki yengilroq jazoga almashtirish (JKning 73 va 74-moddalari) instituti mavjud bo‘lib, unda korrupsiyaviy jinoyat sodir etganlarga hech qanday taqiq mavjud emasligi, ayrim hollarda jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni yillar davomida qoplanmasligiga olib kelmoqda. Shu sababli, fikrimizcha, JKning 73 va 74-moddalariga korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanmagan taqdirda, ushbu institut qo‘llanilmasligi haqidagi norma kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda, sohaga oid qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashda davlat organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyatga ega. Asosiy vazifamiz aholida korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish tuyg‘usini shakllantirishdan iborat. 

Davlat ham, jamiyat ham o‘z funksiyasini to‘laqonli bajarishi uchun kuchli bo‘lishi, aniqrog‘i, kuchlar nisbati teng bo‘lishi huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining bosh talabidir. Adolat tamoyili bu talab ijrosining muhim sharti hisoblanadi. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida insonning baxti uchun barcha sharoitni yaratishga e’tibor qaratildi. Baxtli bo‘lishning uch asosiy talabi — mustaqillik, tinchlik va adolat qaror topgan muhit. Agar ulardan biri bo‘lmasa, insonni baxtli, deb bo‘lmaydi. Adolat qaror topgan muhitni shakllantirishning asosiy to‘sig‘i ham korrupsiyadir. Unga qarshi murosasiz kurashish va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga esa barchamiz birdek mas’ulmiz. 

O‘. Mamadaliyev,
Qashqadaryo viloyat sudi raisining o‘rinbosari 

– jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi