Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Bu nafaqat tibbiy yordamning mavjudligi, balki uning samaradorligi, xavfsizligi, bemor ehtiyojlariga mosligi hamda ijtimoiy himoya darajasi bilan belgilanadi. Shu bois ushbu yo‘nalishdagi murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va adolatli hal etish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridandir.
Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida istiqomat qiluvchi, II guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Sh.N. sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli kardiologiya bo‘limiga yotqizilgan. Biroq shifoxonada davolanayotganiga uch kun bo‘lishiga qaramasdan, unga belgilangan ijtimoiy dori-darmon vositalari bilan ta’minlanmagani aniqlangan.
Shundan so‘ng fuqaro Chiroqchi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Murojaat belgilangan tartibda jamiyat xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganilib, natijada fuqaroning ijtimoiy ahvoli, moddiy imkoniyatlari cheklangani hamda dori-darmon xarid qilishga qodir emasligi ma’lum bo‘lgan. Shu asosda tuman tibbiyot muassasasi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.
Natijada bemorga zarur bo‘lgan 1 million 500 ming so‘mlik dori-darmon vositalari bepul tarzda ta’minlab berildi, fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri