French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolatli soliqlar — farovonlik kafolati
15:12 / 2023-08-01

O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim masalalaridan biri, bu — kichik va xususiy biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va bu orqali sohaning ijtimoiy-iqtisodiy afzalligini yanada oshirish.

Mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalash va bozor islohotlarini chuqurlashtirishda ushbu sohaga yanada ustuvorlik berilishi kichik biznes sub’ektlarini soliq mexanizmi orqali qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish masalasini dolzarb vazifa sifatida belgilab berdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida respublikamizda bu sub’ektlarga maxsus soliq rejimi joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra soddalashtirilgan soliqqa tortish tartibi o‘rnatilgan.

So‘nggi olti yilda bu soha ravnaqiga qaratilgan ko‘plab huquqiy hujjatlar imzolandi. Ularga asosan 114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor etish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish mezoni soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha 2 barobarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi. Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga uch yillik moratoriy o‘rnatildi.

So‘nggi olti yilda ish haqiga soliq yuki 2 barobar kamaytirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 12 foizga tushirildi. Soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga qisqardi, ayrim soliq stavkalari 2 barobar pasaytirildi. Eng muhim iqtisodiy islohotlardan biri, bu — milliy valyuta almashuv kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanish tamoyillarini joriy etish orqali ichki valyuta bozorining bosqichma-bosqich liberallashtirilishi bilan bog‘liq amaliy qadamlar bo‘ldi.

Shu bilan birga, pul-kredit siyosati sohasida ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, to‘lov tizimlari rivojlantirildi, chet el valyutasini sotib olish imkoni yaratildi, naqd pul muammosi hal etildi, uzluksiz ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Birgina “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida o‘z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so‘m kredit ajratildi. Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar pasaytirildi. Ishsizlik kamaydi. Natijada tadbirkorlar soni 2 barobar oshdi.

Yangi O‘zbekistondagi soliq siyosati stavkalarni bosqichma-bosqich tushirish, ammo soliq bazasini hech kimga og‘irlik solmagan holda kengaytirish orqali umumiy tushum miqdorini sezilarli ravishda ko‘paytirishdan iborat. Chunki o‘z oldiga ulug‘vor maqsadlarni qo‘ygan davlatning xarajatlari shunga yarasha bo‘lishi tabiiy. G‘azna esa, birinchi navbatda, solig‘u yig‘imlar orqali mustahkamlanadi.

Yangi Konstitutsiyaning 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shartligi, soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Ko‘pchilik yaxshi biladi, har qanday davlatning iqtisodiy qudrati uning byudjeti hisoblanadi. Byudjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Soliqlardan tushgan pullar mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga sarflanadi. Shu bois har bir fuqaro soliqlarni to‘lashi shart.

O‘z navbatida, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi zarur. Konstitutsiyaga “soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart” deya kiritilgani aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishi, albatta, inobatga olinishini anglatadi. Bu normada ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechilishi tushuniladi. Shu tariqa soliq siyosati tobora soddalashtirilib, odamlar uchun manfaatli bo‘lishi ta’minlandi.

Oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirilib, aholi va biznes tuzilmalariga soliq imtiyozlari keng qo‘llanila boshlandi. Ayrim yig‘imlar 5 baravargacha kamaytirildi. “Yashil” energetikadan foydalanayotgan soliq to‘lovchilarga 10 yilga qadar imtiyozlar berildi.

Yana bir yangilik, 2023 yildan boshlab tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladigan bo‘ldi. Endi toifaga qarab, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishi belgilanmoqda. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi.

Misol uchun, beshinchi toifaga kiruvchi, sharoiti eng og‘ir bo‘lgan 20 ta tuman uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz miqdorida belgilandi. Mazkur tumanlardagi tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘laydi. Yakka tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Xuddi shunday boshqa toifadagi tumanlarda kreditlarga pasaytirilgan foiz stavkalarini qo‘llash, infratuzilma xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish kabi bir qator yengilliklar beriladi.

Byudjet xarajatlari, aholi va tadbirkorlar oldidagi davlat majburiyatlarini qisqartirmagan holda biznesga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilyapti. Jumladan, 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yengillashtirish bo‘yicha boshlangan islohotlar jadal davom ettirilmoqda.

Prezidentimizning “Faol ishbilarmonlik muhitini shakllantirishni yanada rag‘batlantirish, soliq majburiyatini bajarishda aholi tomonidan ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 iyun holatiga ko‘ra jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i (noturar ko‘chmas mulk ob’ektlari bundan mustasno) bo‘yicha muddatida to‘lanmagan qarziga hisoblangan penya summalari; oxirgi 6 oy mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan YATTlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan vujudga kelgan qarzi hamda ularga hisoblangan penya va jarimalar summasi; xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun qo‘llanilgan jarimalar summasi hisobdan chiqariladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 iyunga qadar yer uchastkalaridan hujjatlarsiz foydalanayotgan jismoniy shaxslarga yer solig‘ining uch karra oshirilgan stavkasida soliq hisoblash tartibi to‘xtatib turiladi. Fermer xo‘jaliklariga 2023 yil 1 iyun holatiga shakllangan suv solig‘idan qarzini o‘n ikki oy mobaynida teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

Bu hali hammasi emas. Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub’ektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va ob’ekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik sub’ekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishning va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) o‘tkazish mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llashga sabab bo‘ladi.

Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlar va O‘zbekistonning ayni paytdagi rivojlanish yo‘lini atroflicha tahlil qilgan kishi konstitutsiyaviy islohotlarning o‘zagi sifatida belgilangan “Inson qadri uchun” tamoyili aslida nimani anglatishini ilg‘ashi mushkul emas. Sirtdan iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiyalash, tadbirkorlik ravnaqiga erishish bosh muddao bo‘lib ko‘ringan yangi islohotlar pirovardida xalqqa farovon turmush sharoitini yaratish maqsad qilingan.

Umuman olganda, yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan soliq siyosati ham aholining og‘irini yengil qilish, tadbirkorga imtiyoz berish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va pirovardida xalqimizning farovonlikka erishishiga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.

Nargiza QO‘ZIEVA,

Toshkent moliya institutining Soliqlar va soliqqa

tortish kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, professor