So‘nggi yillarda mamlakatimizni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soliq yukini pasaytirish hamda soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda.
Mazkur jarayonda tadbirkorlar va investorlarning fikri va takliflari ham inobatga olinayotgani, mavjud muammo va kamchiliklar doimiy tahlil qilinib, munosib yechim topilayotgani O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga hamda iqtisodiyotimiz jadal rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
2023-yil 18-avgust kuni davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvda hozirgi vaqtda soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanilayotganligi, endi bunday amaliyot bekor qilinishi, tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi, shu nuqtayi nazardan, barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli me’yorlar belgilanishi xususida alohida to‘xtalib o‘tgandi.

Tan olib aytish kerak, 2022-yil 12-mart kunidan amalga tatbiq etilgan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227/¹-moddasida belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik masalasi, xususan, bunday huquqbuzarlik uchun belgilangan jarima miqdori keyingi vaqtlarda tadbirkorlarning haqli noroziligiga sabab bo‘layotgandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 227/¹-moddasi sanksiyasida markirovka qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlik subyektiga realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solish ko‘rinishidagi moliyaviy jarima nazarda tutilgandi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 20-moddasiga ko‘ra, davlat organlari tomonidan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilangan bo‘lsa-da, Soliq kodeksining 227/¹-moddasida nazarda tutilgan moliyaviy jarima chorasi sodir etilgan huquqbuzarlik miqdoriga nomutanosib edi.
O‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun shu o‘rinda aniq misollarga murojaat qilsak, sudda ko‘rilgan ma’muriy ish bo‘yicha Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi MCHJda o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvida jamiyat tomonidan xaridorga 140 000 so‘m naqd pulga nazorat kassa mashinasidan chek urib berilmaganligi, umumiy summasi 462 000 so‘mlik soxta aksiz markali alkogol mahsulotlari bo‘yicha markirovkalash qoidalariga rioya qilinmagani aniqlangan. Tuman soliq inspeksiyasining qarori bilan jamiyatga Soliq kodeksining 227/¹-moddasiga asosan hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida, 8 milliard 674 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Endi ikkinchi misolga e’tibor qarating, sudda ko‘rilgan ma’muriy ish bo‘yicha Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi MCHJda o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvida jamiyat tomonidan xaridorga 28 000 so‘mlik alkogol mahsulotini sotganligi holati bo‘yicha markirovkalash qoidalariga rioya qilinmagani aniqlangan. Soliq inspeksiyasining qarori bilan jamiyatga Soliq kodeksining 227/¹-moddasiga asosan hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida, ya’ni 36 milliard 547 million so‘m jarima qo‘llanilgan.
Yuqoridagi misollar tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorlari sodir etilgan huquqbuzarlikka nisbatan umuman nomutanosib bo‘lganini ko‘rsatadi. Bunday katta miqdordagi jarima jazolarini qo‘llash amaliyoti tadbirkorlik subyektlarining ahvolini jiddiy qiyinlashtirib, ko‘p hollarda ularning faoliyatini to‘xtatishga, ya’ni bankrotlik holatlariga olib kelgani ham bor gap.
O‘zbekistonga yaqin qo‘shni mamlakatlarning bu boradagi qonunchiligi o‘rganilganda, Rossiya Federatsiyasida ushbu soliq huquqbuzarligi uchun jismoniy shaxslarga, agar so‘mga aylantiradigan bo‘lsak, bugungi kursda 543 565 so‘mdan – 679 456 so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 1 358 913 so‘mdan – 2 038 369 so‘mgacha, yuridik shaxslarga – 27 178 261 so‘mdan – 40 767 391 so‘mgacha, Qozog‘istonda esa kichik tadbirkorlik subyekti ogohlantirishdan so‘ng bir yil ichida yana shunday qonunbuzilish sodir etsa, (so‘mga aylantirilganda) 9 018 300 so‘m, o‘rta biznes subyektiga 18 036 600 so‘m, yirik biznes subyektlariga 44 438 000 so‘m jarima jazosi qo‘llaniladi. Bundan ko‘rinadiki, qo‘shni mamlakatlarda mazkur toifadagi huquqbuzarliklar uchun allaqachon nisbatan mutanosib miqdorda jarima qo‘llash tartibi yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 26-fevral kuni tadbirkorlik subyektlariga fiskal belgilar va tovarlarni markirovkalash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha “Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi. Mazkur farmonga ko‘ra, endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning avvalgi 100 foiz jarimaning o‘rniga 2 foiz miqdorida, bir yil davomida shu turdagi huquqbuzarlik takroran sodir etilganda – realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, Soliq kodeksining 227/¹-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun 2022-yil 13-iyundan bugungi kunga qadar 1,5 ming nafar tadbirkorga nisbatan 694 milliard so‘m jarima jazosi qo‘llanilib, shundan 39 milliard so‘mi undirilgan. Farmonga muvofiq, mazkur moliyaviy jarimalar bo‘yicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi. Shuningdek, farmonda undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi to‘lovlar hisobiga tadbirkorlik subyektlariga qaytarilishi ham belgilab qo‘yilgan. Farmon bilan bir oy muddatda tegishli vazirlik va idoralarga yuqoridagilardan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 63-moddasida “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. Demak, Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritilishi Bosh qomusimizning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashiga zamin yaratadi. Ya’ni, o‘zgartirish kiritilishi natijasida shu kungacha “fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik” qilib kelayotgan nomutanosib modda Soliq kodeksidan chiqarib tashlanadi. Ushbu moddaning kodeksdan chiqarib tashlanishi nafaqat mahalliy ishbilarmon va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, balki mamlakatimizga xorijiy sarmoyadorlarning kirib kelishiga ham keng imkoniyat yaratadi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, mazkur farmonning qabul qilinishi va tadbirkorlarga qo‘llaniladigan jarima miqdori sodir etilgan huquqbuzarlikka nisbatan mutanosib bo‘lib, uning kelgusida faoliyatini davom ettirishiga imkon yaratib, ijtimoiy adolat qaror topadi. Bir so‘z bilan aytganda, adolatli qonunlar hamisha aholi farovonligi va mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.
Robaxon Mahmudova,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi