French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolatli ish haqi va “inson uchun” g‘oyasi halollikka qaratilgan strategik qadamdir
11:57 / 2025-08-18

Munosabat

2025 yil 19 iyun kuni Muhtaram Prezidentimizning mahalliy ijro etuvchi organlardagi davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish haqidagi farmoni e’lon qilindi. Mazkur hujjat davlat xizmatchisi uchun birgina moddiy tarafdan emas, insoniylik va odillik mezonlari nuqtai nazaridan ham yuksak ahamiyatga ega. Bu tizim davlat xizmatchisining mehnatini qadrlash, uning oilasi farovonligi haqida qayg‘urish, shu bilan birga, kelajakda xizmat sifati va samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan keng islohotlar zanjirining muhim halqasidir. 

Aslida davlat xizmatchilarining ko‘proq qismi quyi tizimlarda faoliyat yuritadi. Ularning maoshini oshirish davlat iqtisodiyoti uchun sezilarli darajada ta’sirga ega. Bunday qarorga kelish esa inson qadrini yuksaltirish uchun jasoratdir. Farmonning mazmun-mohiyati, u orqali yaratiladigan tizim bo‘yicha uchta jihatni alohida ta’kidlab o‘tishni joiz.

Avvalo инсоniйлик jihati. Har bir inson, u davlat xizmatchisi bo‘ladimi yoki xususiy sektorda ishlaydimi, o‘z mehnatiga munosib baho olishni, ish haqi hisobidan oilaviy hayotini bekami-ko‘st yo‘lga qo‘yishni, oila a’zolari uchun qulay shart-sharoit yaratib berishni istaydi. Davlat xizmatchisi ham har qancha fidoyi bo‘lmasin, oilasida biron muammo yoki kamchilik bo‘lsa, barcha kabi o‘zini xotirjam his etolmaydi va bu uning ishiga ham ta’sir o‘tkazishi tabiiy. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida, odamlar farovonlik sari intilayotgan bir paytda davlat xizmatchisini yetarli maoshsiz, faqat vatanparvarlik hissi hisobiga xizmat qildirish va undan yuqori natija kutish balandparvozlik bo‘ladi. Shu ma’noda yaratilayotgan yangi tizimda davlat xizmatchilariga faqat ishchi kuchi sifatida emas, balki inson sifatida qaralmoqda, ularning insoniy ehtiyojlari qadrlanmoqda, o‘z mehnati qadrini his etishiga muhim talab sifatida qaralmoqda. Shundan kelib chiqib, ushbu tizimni tom ma’noda insoniylikka yo‘naltirilgan islohot, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ikkinchisi – siyosiy-iqtisodiy jihati bilan bog‘liq. Buni nimada ko‘rish mumkin? Shubhasiz, yaratilayotgan yangi tizimdan davlat xizmatida boshqaruv sifatini oshirish, inson resurslaridan to‘g‘ri foydalanish, qolaversa, islohotlar uchun quyi tizimlarga yo‘naltirilgan mablag‘lardan oqilona foydalanish maqsadlari ham ko‘zlanadi. Sir emas, mahalliy ijro organlarida ish hajmi ko‘pligi, maosh tufayli kadrlar qo‘nimsizligi va sifat darajasi bilan bog‘liq muammolar ko‘p kuzatiladi. Hattoki, ba’zi hududlarda davlat xizmatchilarining xususiy sektorda ishlashni afzal bilib, davlat xizmatidan ketish holatlari ham uchraydi. Mashhur иқтисодчи olim, Nobel mukofoti sohibi Geri Bekker o‘zining inson kapitali nazariyasida “yuqori sifatli (salohiyatli) kadrlarni saqlab qolish va rivojlantirish uchun yetarli maosh shart”, deydi. Yaratilayotgan yangi tizim quyi bo‘g‘inlarda salohiyatli kadrlarni nafaqat saqlab qolish, balki yuqori bo‘g‘indagi sifatli kadrlarning quyi bo‘g‘inlarga tushib ishlash istagiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Prezident farmoni bilan яратилаётган yangi tizimda davlat xizmatchilarining ish haqi oshiriladi, faqat bunda ularning malakasi, tajribasi, shuningdek, ish unumdorligi, erishilgan samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) muhim o‘rin tutadi. Bunday tartib замонавий boshqaruvdagi adolatli ish haqi degan tushunchaga mos keladi. Ya’ni ish haqi shunchaki moddiy ko‘rinishdagi rag‘bat emas, balki xizmat samaradorligi, kadrlar barqarorligi va tashkilot ichidagi ishonch muhitini ta’minlaydigan strategik vosita sanaladi. Ingliz faylasufi Styuart Mill aytganidek, “Adolatli ish haqi ishchi va ish beruvchi manfaatlarining muvozanatidir, u mehnatkashning hayotini munosib darajada ta’minlashi hamda uning mehnatiga munosib bo‘lishi shart”.

Bu tizimni joriy qilishda xalqaro ilg‘or tajribalar o‘rganilgan hamda inobatga olingan, deyishimizga ham sabablar bor. Misol uchun, dunyo tajribasida inson resurslari (HR)ni to‘g‘ri boshqarish uchun иш haqi va rag‘batlantirish tizimi, ya’ni адолатли maosh, mukofotlar va imtiyozlar paketiga muhim jihat sifatida qaraladi. Qolaversa, Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlarida ham adolatli ish haqi haqida so‘z yuritilib, uning ishchi va oilasi uchun munosib hayot darajasini ta’minlashga yetishi, shu bilan bir qatorda, bajarilgan mehnat uchun teng haq tamoyiliga asoslanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, dunyoda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan BMTning Taraqqiyot dasturi (UNDP)da ham ish haqi mehnat samaradorligi, malaka va ish tajribasiga proporsional belgilanishi kerakligi ta’kidlanadi. Shu ma’noda yangi tizim orqali xodimlarning ish faoliyatini kuzatish, KPI (asosiy ko‘rsatkichlar) yordamida baholash va natijalarni tahlil qilish, davlat xizmatida mehnatga haq to‘lash shaffof va adolatli bo‘lishiga imkon yaratiladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi – xo‘sh, yangi tizimning iqtisodiy ahamiyati nimada? Hududlarga iqtisodiy maqsadlar uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar, resurslar o‘z o‘rnida va to‘g‘ri sarflanishi kadrlar saviyasiga chambarchas bog‘liq. Agar quyi tizimda munosib kadrlar ishlasa, mahalliy resurslardan unumli foydalanib, ko‘proq iqtisodiy foyda olish imkoni yaratiladi. Shu bois, kadrlar sifati o‘z-o‘zidan hududlar iqtisodiyotiga ham ta’sir o‘tkazadi. Shu ma’noda yaratilayotgan yangi tizim hududlardagi o‘ziga xos iqtisodiy rivojlanishlarga ham turtki bo‘ladi, deyish mumkin. 

Uchinchisi – ma’naviy-tarbiyaviy jihati. Yaratilayotgan tizimning ayni jihatlariga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Davlat xizmatchisi o‘z ishini xush ko‘rishi, unga mehr berishi, vatanparvarlik, fidoyilik ko‘rsatishi, eng muhimi, halol bo‘lishi lozim. Davlatimiz tomonidan qarshi choralar ko‘rilishiga qaramay, joylarda afsuski, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsion holatlar ham uchrab turibdi. Yaratilayotgan yangi tizimda bunday noxush, salbiy  holatlarning oldini olish maqsadi ham ko‘zlangan, albatta. Ko‘pincha ish haqining kamligi davlat xizmatchilarini noqonuniy daromad izlashga va o‘sha orqali o‘z ehtiyojlarini qondirishga majbur qiladi. Shuning uchun dunyo tajribasida yetarli maosh — institutsional halollik kafolati sifatida qaraladi.

O‘z mehnatiga adolatli haq to‘lanyapti, deb bilgan inson ishidan mamnun bo‘ladi, o‘zini baxtli his qiladi, halol mehnat qilishga yanada sadoqat va vijdonan yondashadi, qolaversa, o‘zini namoyon qilishga, davlat va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intiladi. Ya’ni adolatli maosh orqali xodimga ma’naviy-tarbiyaviy ta’sir o‘tkaziladi, uning o‘z ustida ishlashiga, malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirishga da’vat etiladi. Shu ma’noda bu yangi tizim faqat ijtimoiy yordam emas, balki tizimda shaffoflik va halollikni mustahkamlashga qaratilgan strategik qadamdir. Chunki moddiy barqarorlik — ma’naviy barqarorlikka olib keladi, ma’naviy barqarorlik esa xizmat samaradorligini oshiradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu tizimni yaratish tashabbusi va tashlangan amaliy qadamlarni davlat xizmatchilari bir imkoniyat sifatida qabul qilib, o‘z xizmatini yanada sidqidildan bajarishga, xalq va Vatan oldidagi burchini har qachongidan ham mas’uliyat bilan ado etishga kirishmog‘i lozim.

Durdona Rahimova,

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari