Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishga  yo‘naltirilgan yuz maqsad
08:23 / 2022-02-11

2022 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi. Mazkur farmonga binoan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

bugungi kunda mazkur konseptual hujjatda belgilangan ustuvor maqsadlarning mazmun-mohiyati, hujjatda belgilangan vazifalar davlat va jamiyat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in o‘rganilmoqda.

«Xalq bilan muloqot» mezoni asosida 2021 yil 31 dekabr – 2022 yil 15 yanvar kunlari o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijasida mazkur hujjat yuzasidan jami 17 ming 500 dan ortiq taklif va tavsiya bildirildi. Bildirilgan takliflar salmog‘i, mazmuni konseptual ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlash lozim. Bu mamlakatimiz aholisining faolligi, o‘z kelajagiga befarq emasligi, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligi, siyosiy-huquqiy bilimi va madaniyati yuksalganidan dalolat. E’tiborli jihati shundaki, takliflarning 7 ming 395 tasi bevosita adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishi bilan bog‘liq. Tabiiyki, taklif va tavsiyalar soha mutaxassislari tomonidan chuqur o‘rganilib, loyihaga 100 ta konseptual hamda 200 dan ortiq aniq xarakterga ega o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi.

Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi jami 100 ta maqsadni qamrab olgan bo‘lib, shundan 34 tasi adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘liq.

Yuqorida qayd etilganidek, Farmon bilan tasdiqlangan 398 banddan iborat Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar sarflanishi nazarda tutilgan.

Dasturning to‘rtinchi, 59 banddan iborat adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida ta’lim sifatini oshirish masalasiga alohida urg‘u berilgan. Zero, har qanday jamiyat kelajagini, avvalo, ta’lim sifati belgilab beradi. Shu o‘rinda aytish kerak, 2017-2021 yillardagi Harakatlar strategiyasi dasturi doirasida maktabgacha qamrov darajasi sezilarli ravishda ortdi. Xususan, 2016 yil ayni ko‘rsatkich 27 foizni tashkil qilgan. Taraqqiyot strategiyasining 38-maqsadida maktabgacha ta’lim qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan qariyb 80 foizga yetkazish belgilangan.

Ushbu maqsadga erishish yo‘lida Dasturning 201-bandida maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etish vazifasi belgilab qo‘yilgan. 2022 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 1300 ta nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 40-maqsadda maktabgacha ta’lim tizimida byudjet mablag‘lari maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash lozimligi ko‘rsatilgan. Dasturning 203-bandida esa maktabgacha ta’lim tizimida moliyaviy jarayonlar shaffof tarzda amalga oshirilishi uchun zarur sharoit yaratish zarurligi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, joriy yil maktabgacha ta’lim tashkilotlarida zamonaviy raqamli texnologiyalar va idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarorini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Strategiyaning 41-maqsadida maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish nazarda tutilgan. Ushbu maqsadga erishish uchun 2022 yilda yangi maktablar qurish, xususiy maktablarni ko‘paytirish, ta’lim sifatini oshirishni nazarda tutuvchi davlat dasturi ishlab chiqilishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hujjatning 204-bandiga asosan, maktablarni rekonstruksiya qilish va yangidan barpo etish orqali 2022 yilda 141 ming o‘quvchi o‘rnini yaratish nazarda tutilgan.

Harakatlar strategiyasining uzviy davomi o‘laroq, Taraqqiyot strategiyada ham nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini rivojlantirish maqsad qilingan. Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun shart-sharoit va imkoniyatni kengaytirish orqali shunday ob’ektlar ulushini 2022 yil 3 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Taraqqiyot strategiyasida Davlat rahbari ma’ruzasida ilgari surilgan tashabbuslar ham o‘rin olganini alohida qayd etish lozim. Jumladan, Prezidentimiz 2021 yil 6 noyabrda lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida 2025 yilga borib oliy toifali o‘qituvchilar oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 000 AQSH dollariga yetkazish choralari ko‘rilishini ta’kidlagan edi. Aynan ushbu tashabbus Taraqqiyot strategiyasining 43-maqsadida o‘z ifodasini topdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari saylov oldi tashviqoti doirasida 2021 yil 21 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan, ertasi kuni esa xorazmlik saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida 1–4-cinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tashabbusini ilgari surgan edi. Mazkur tashabbus Taraqqiyot strategiyasining 45-maqsadida aks etdi. Xususan, Davlat dasturining 211-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf (1–4-sinf) o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, bu yilgi Davlat dasturidagi adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida belgilangan maqsadlar maktabgacha ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, maktablarni jahon standarti darajasida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Anvarjon MIRKOMILOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bosh mutaxassisi